G'alladan bo‘shagan yer maydonini yoqib yuborgan huquqbuzarga chora ko‘rildi
2024-07-08 16:40:00 / Yangiliklar
Xususan, Arnasoy tumani Ekologiya inspeksiyasi tomonidan olib borilgan reyd tadbirlarida "Oltin vodiy" MFY, Ibn Sino ko‘chasida yashovchi fuqaro M.A. tomonidan g‘alladan bo‘shagan 2,5 gektar yer maydoni yoqib yuborilganligi aniqlandi. O‘zbekiston Respublikasi "Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida"gi Qonuni 4, 24-moddalarining talablarini buzgan huquqbuzarga nisbatan MJtKning 88-moddasi 3-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. M.A. BHMning uch baravari — 1 million 20 ming so‘m miqdorida jarimaga tortildi.
Shuningdek, fuqaro tomonidan tabiatga 3 million 434 ming 296 so‘m zarar yetkazganligi ma'lum bo‘ldi. Huquqbuzar jami 4 million 454 ming 296 so‘m to‘laydi.
Ta'kidlash joizki, 1 gektar maydondagi somonpoyalar yoqib yuborilganda atmosferaga 500 gramm azot oksidi, 379 gramm uglevodorod, 3 kg kul, 20 kg is gazi va uglerod oksidi (SO) gazi tarqaladi. Qolaversa, tuproq tarkibi buzilib, eroziyasi kuchayadi va hosildorlik kamayadi. 1 tonna xazon yoqilganda esa atmosfera havosiga 30 kg uglerod oksidi ko‘tariladi.
Ma'lumot uchun, ayni damda respublikamizda “Yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha "Dolzarb 30 kun” tadbirlari davom etmoqda. Bunda yer maydonlari, o'simliklar qoldiqlari, barg xazonlari, shox-shabbalarni yoqish taqiqlanadi. Bunday qoidabuzarliklar MJtKning tegishli moddalariga ko‘ra javobgarlikka sabab bo‘ladi.