Markaziy Osiyoda havo ifloslanishiga qarshi kurashda mintaqaviy hamkorlik kuchaymoqda
2026-04-25 15:30:00 / Yangiliklar

Tadbirda Markaziy Osiyo davlatlari hukumatlari vakillari, xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlar ishtirok etdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo’yicha maslahatchisi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov, BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, UNEP ijrochi direktori Inger Andersen hamda Jahon bankining atrof-muhit masalalari bo‘yicha direktori Valeri Hikki nutq so’zlab, muloqotning maqsad va vazifalarini belgilab berishdi.
Yuqori darajadagi vazirlar muloqoti doirasida toza havo sohasidagi milliy ustuvor yo‘nalishlar taqdim etildi va mintaqaviy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Munozarada Qozog‘iston ekologiya va tabiiy resurslar vaziri Yerlan Nysanbayev, Qirg‘iz Respublikasi tabiiy resurslar, ekologiya va texnik nazorat vaziri Aqil Toktobayev, Tojikiston atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi Bahodur Sheralizoda, Turkmaniston atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Ovezgeldi Goshjanov, shuningdek, Ozarbayjon Prezidentining iqlim masalalari bo‘yicha vakili Muxtor Babayev hamda Yaponiya global ekologik masalalar bo‘yicha vazir o‘rinbosari Kentaro Doi ishtirok etdi.
Aziz Abduhakimov o‘z nutqida Jahon banki baholariga ko‘ra, Markaziy Osiyoda havoning ifloslanishi har yili 65 mingdan ortiq erta o‘lim holatlariga va taxminan 20 milliard AQSh dollari miqdorida iqtisodiy yo‘qotishlarga sabab bo‘layotganini ta’kidladi. Sanoat va transport yuklamasining ortib borishi, tezkor urbanizatsiya hamda iqlim xavflarining kuchayishi sharoitida bu muammo faqat milliy choralar bilan emas, balki muvofiqlashtirilgan mintaqaviy hamkorlik mexanizmlari orqali hal etilishini talab qiladi.
A. Abduhakimov toza havo masalasi allaqachon davlat rahbarlari darajasiga ko‘tarilganligini qayd etdi. Buxoroda o‘tkazilgan uchrashuv yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari chegara hududlarida “Toza havo” loyihasini birgalikda ilgari surishga kelishib olgan, bu esa ushbu masalaga ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibida strategik ahamiyat bag‘ishlaydi.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan amaliy choralar ham alohida qayd etildi. 2026-yil 25-martdagi Prezident farmoni bilan 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan “Toza havo” umummilliy loyihasi ishga tushirildi. U zararli tashlamalarni 10,5 foizga kamaytirish, avtomatik monitoring tizimini rivojlantirish va sanoatni modernizatsiya qilishni nazarda tutadi. Ustuvor yo‘nalishlar qatorida transport chiqindilarini qisqartirish, ekologik zararli korxonalarni Toshkent shahridan tashqariga ko‘chirish, AI-92 dan past yoqilg‘idan foydalanishni taqiqlash hamda “Ekologik transport” tizimini joriy etish bor.
Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Mintaqaviy ekologik sammit ochilishida ilgari surilgan “Toza havo” davlatlararo konsorsiumini tashkil etish tashabbusiga alohida e’tibor qaratildi. Shu nuqtai nazardan, A. Abduhakimov ushbu tuzilmani dastlab O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida shakllantirib, keyinchalik butun mintaqaga kengaytirishni taklif qildi.
Ushbu konsorsium monitoring ma’lumotlari, sun’iy yo‘ldosh kuzatuvlari va tahlillar almashinuvi, shuningdek, chang va qum bo‘ronlariga javob choralarini muvofiqlashtirish hamda qo‘shma pilot loyihalarni amalga oshirish uchun platforma vazifasini bajaradi.
Jahon bankining atrof-muhit masalalari bo‘yicha direktori Valeri Xiki quyidagilarni ta’kidladi:
«Havo sifatini yaxshilash mamlakatlar va kompaniyalarga ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, raqobatbardoshlikni oshirish va yangi bozorlarga chiqish imkonini beradi, bu esa iqtisodiy o‘sish, ish o‘rinlari yaratish va oilalar farovonligini ta’minlaydi. Jahon banki guruhi Markaziy Osiyo mamlakatlarining havo ifloslanishiga qarshi kurashish uchun zarur bo‘lgan asosiy infratuzilmani yaratish borasidagi sa’y-harakatlarini olqishlaydi — bu siyosatni rivojlantirish va texnologiyalarni joriy etish orqali amalga oshiriladi va mintaqa hukumatlari hamda xususiy sektorni, jumladan, transchegaraviy hamkorlik masalalarida, qo‘llab-quvvatlashda davom etadi».
UNEPning Yevropa ofisi direktori va mintaqaviy vakili Arnold Kraylxuber shunday dedi:
«Havo ifloslanishi, jumladan, qum va chang bo‘ronlari natijasida yuzaga keladigan ifloslanish davlat chegaralari bilan cheklanmaydi va bizning javob choralarimiz ham ular bilan cheklanmasligi kerak. BMTning Atrof-muhit bo‘yicha assambleyasining 6/10-sonli rezolyutsiyasi havo sifati bo‘yicha ma’lumot almashish, uyg‘unlashtirilgan siyosat va muvofiqlashtirilgan harakatlar orqali mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishga chaqiradi. Ushbu muloqot Markaziy Osiyo mamlakatlarining birgalikda ishlash va sog‘liqni saqlash, ekotizimlar hamda tirikchilik manbalarini himoya qilishga bo‘lgan ortib borayotgan sodiqligini namoyish etadi».
Mazkur tadbir havo ifloslanishiga qarshi kurashishda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida muhim bosqich bo‘ldi va muhokamalardan amaliy hamkorlikning barqaror mexanizmlarini yaratishga o‘tishga qaratildi. Ishtirokchilar transchegaraviy havo ifloslanishi, monitoring tizimlarini takomillashtirish hamda ekologik siyosat bo‘yicha milliy va xalqaro yondashuvlarni uyg‘unlashtirish masalalariga e’tibor qaratdilar.









