Rasmiy munosabat!
2026-04-24 18:45:00 / Yangiliklar

Holat Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolitsiya) tomonidan voqea joyiga chiqqan holda o‘rganilmoqda. O‘rganish davomida 2026-yil yanvar oyida Boysun tumanidagi Xongaronsoy soyida tabiiy holatda yer ostidan neft aralash suyuqlik hosil bo‘lganligi va suyuqlik soyga oqib ketmasligi uchun hovuz hosil qilinganligi, Boysun tumaniga kelgan sel esa hovuzni buzib, neft aralash suvni Bandixon soyiga oqizib ketgani ma’lum bo‘ldi. Bu suv soy orqali Surxondaryoga tushgan. Hozirda holat maxsus texnikalar yordamida bartaraf etilmoqda.
Ayni damda daryoga oqizilgan suv hajmi va tarkibini aniqlash uchun ikki guruh tuzilgan. O‘rganish ishlari davom ettirilmoqda va natijalarga ko‘ra qo‘shimcha ma’lumot beriladi. Qolaversa, holat yuzasidan aybdorlarga nisbatan qonunchilikka muvofiq qat’iy javobgarlik choralari qo‘llaniladi.




