Ostonada ayollarning iqlim va suv siyosatidagi roli muhokama qilindi
2026-04-24 16:45:00 / Yangiliklar
Tadbirda xalqaro tashkilotlar, Markaziy Osiyo mamlakatlarining tegishli vazirlik va idoralari, ilmiy hamjamiyat hamda fuqarolik sektori vakillari ishtirok etdi. Ishtirokchilar ayollarning samarali iqlim va suv siyosatini shakllantirishdagi roli, shuningdek, iqlim o‘zgarishi sharoitida jamiyatlarning barqarorligini mustahkamlashdagi o‘rni haqida fikr almashdilar.
“Markaziy Osiyo: ilg‘or tajribalar va olingan saboqlar” nomli panel muhokamasida muvaffaqiyatli mintaqaviy tajribalar, suv xavfsizligi masalalari, muzliklarning erishi hamda qaror qabul qilish jarayonlarida ayollar ishtirokini kengaytirish zarurati muhokama markazida bo‘ldi.
O‘zbekistondan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi maslahatchisi Alisher Salomov so‘zga chiqdi. U mamlakatda gender tenglik barqaror rivojlanish va ekologik boshqaruvning ajralmas qismi sifatida qaralayotganini ta’kidladi. Mazkur yondashuv institutsional darajada mustahkamlangan bo‘lib, ayollarni siyosat va dasturlarni ishlab chiqishga jalb etishning amaldagi mexanizmlari orqali amalga oshirilmoqda.
Qayd etilishicha, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tizimida gender tengligi bo‘yicha doimiy maslahat kengashlari faoliyat yuritmoqda, shuningdek, 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan Gender strategiyasi ishlab chiqilmoqda. Bu boradagi ishlarning muhim jihatlaridan biri iqlim o‘zgarishi va suv resurslari tanqisligidan eng ko‘p zarar ko‘rayotgan hududlarda maslahatlashuvlar o‘tkazilayotganidir.
Shuningdek, mamlakatning iqlim bo‘yicha majburiyatlariga gender yondashuvni integratsiya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2025-yilda taqdim etilgan O‘zbekistonning yangilangan Milliy miqyosda belgilangan hissasida ilk bor gender omili mustahkamlab qo‘yildi. Milliy moslashuv rejalari, jumladan, Orolbo‘yi hududi uchun dasturlar ham turli aholi qatlamlari ehtiyojlarini inobatga olgan holda ishlab chiqilmoqda.
Orolbo‘yi mavzusiga to‘xtalar ekan, A. Salomov suv resurslarini barqaror boshqarish uzoq muddatli yondashuv, mintaqaviy hamkorlik hamda mahalliy hamjamiyatlar, jumladan, ayollarning faol ishtirokisiz mumkin emasligini qayd etdi. Hozirda hududda ekotizimlarni tiklash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar davom etmoqda va bu jarayon nafaqat ekologik, balki ijtimoiy vazifa sifatida ham qaralmoqda.
Sessiya yakunida ishtirokchilar iqlim va suv resurslarini inklyuziv hamda gender tenglik asosida boshqarish Markaziy Osiyoda kelgusidagi mintaqaviy hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lishi zarurligini ta’kidladilar.
