O‘zbekiston IO'MOK-2026 doirasida MMBH 3.0ni amalga oshirish yondashuvlarini taqdim etdi
2026-04-23 18:20:00 / Yangiliklar
Konferensiyaning birinchi sessiyasi IO'MOK-2026 kun tartibining umumiy siyosiy va strategik yo‘nalishini belgilab berdi. Unda asosiy e’tibor mintaqa davlatlarining yangilangan milliy darajada belgilangan hissalari (MMBH)ni amalga oshirishga qaratildi. Tegishli davlat organlari rahbarlari va xalqaro tashkilotlar vakillari iqlim siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, mavjud moliyalashtirish ehtiyojlari hamda MMBH 3.0ni samarali amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Tadbirda davlat tuzilmalari vakillari bilan bir qatorda yetakchi xalqaro tashkilotlar, jumladan Markaziy Osiyo Mintaqaviy ekologik markazi (CAREC), NDC Partnership, Jahon banki hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) vakillari ishtirok etdi. Ishtirokchilar belgilangan maqsadlarga erishish uchun sa’y-harakatlarni birlashtirish, tajriba almashish va iqlimiy moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish muhimligini ta’kidladilar.
O‘zbekiston nomidan sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Iqlim o‘zgarishi milliy markazi direktori Farrux Sattorov nutq so‘zladi. U o‘z chiqishida iqlim siyosatini boshqarish milliy tizimidagi asosiy o‘zgarishlar va MMBH 3.0ni amalga oshirish jarayonlariga to‘xtaldi.
Xususan, O‘zbekistonda “yashil” moliyalashtirish tizimi faol rivojlanayotgani qayd etildi. Investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay muhit yaratish hamda xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, “yashil” texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mamlakatda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, energiya samaradorligini oshirish va suv resurslarini barqaror boshqarish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, iqlim kun tartibi qishloq xo‘jaligi, energetika, transport va sanoat kabi iqtisodiyotning turli tarmoqlariga izchil integratsiya qilinmoqda. Bunday tarmoqlararo yondashuv kompleks yechimlarga erishish hamda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish imkonini bermoqda.
Muhim yo‘nalishlardan yana biri monitoring va hisobot tizimini takomillashtirishdir. O‘zbekiston issiqxona gazlari tashlamalarini hisobga olish hamda iqlim loyihalarini baholash mexanizmlarini kuchaytirmoqda, bu esa erishilayotgan natijalarni aniq kuzatish va davlat siyosatini o‘z vaqtida moslashtirish imkonini beradi.
