Bioxilma-xillikni asrash borasidagi hamkorlikka qaratilgan mintaqaviy deklaratsiya imzolandi
2026-04-22 21:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda nutq so‘zlagan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan bioxilma-xillikni rivojlantirish sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar belgilab berilganligini ta’kidladi. Xususan, Davlat rahbari bioxilma-xillikni asrash maqsadida Markaziy Osiyo “Qizil kitobi”ni birgalikda ishlab chiqishni taklif etgani qayd etildi. Ushbu hujjat nafaqat yo‘qolib borayotgan turlar ro‘yxati, balki mazkur sohada hamkorlik qilish uchun samarali platforma bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, yurtimizda “Biomeros” umumxalq loyihasi amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Yuqori darajada erishilgan kelishuvlar asosida Qozog‘iston bilan transchegaraviy hududlarda sayg‘oq populyatsiyasini tiklash bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar boshlangan. Bundan tashqari, Kunmin–Monreal global doiraviy dasturi doirasida 2040-yilgacha bioxilma-xillikni asrash bo‘yicha yangilangan Milliy strategiya va harakatlar rejasi ishlab chiqilmoqda.
Sessiyada mintaqa davlatlari, BMT va boshqa xalqaro ekologik tashkilotlar hamkorligida transchegaraviy muammolarni hal qilishda ko‘plab ishlar amalga oshirilayotganligi ta'kidlandi. BMTning Atrof-muhit bo‘yicha dasturi (UNEP) ijrochi direktori Igner Anderson dolzarb ekologik masalalarni hal qilish uchun birlashish bugun har qachongidan ham muhim ekanligini qayd etdi.
Sessiyada mintaqa davlatlari, BMT va boshqa xalqaro ekologik tashkilotlar hamkorligida transchegaraviy muammolarni hal qilishda ko‘plab ishlar amalga oshirilayotganligi ta'kidlandi. BMTning Atrof-muhit bo‘yicha dasturi (UNEP) ijrochi direktori Igner Anderson dolzarb ekologik masalalarni hal qilish uchun birlashish bugun har qachongidan ham muhim ekanligini qayd etdi.
Sessiyada tabiatni muhofaza qilish vazifalarining transchegaraviy xususiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilishicha, sayg‘oq, qor qoploni, jayron va qulon kabi turlarning migratsiya yo‘llari bir nechta davlat hududlarini qamrab oladi. Bu esa muvofiqlashtirilgan mintaqaviy qarorlarni talab qiladi. Iqlim o‘zgarishi kuchayib borayotgan, yerlarning degradatsiyasi va antropogen bosim ortib borayotgan sharoitda aynan ilmiy asoslangan qo‘shma harakatlar ekotizimlarni asrashning muhim sharti hisoblanadi.
Tadbir davomida “Mintaqaviy barqarorlik uchun tabiat bilan uyg‘unlik” tashabbusi ishga tushirilishi e’lon qilindi. Ushbu tashabbus Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash va resurslarni birlashtirishga qaratilgan bo‘lib, bioxilma-xillik sohasidagi milliy strategiyalar hamda Bioxilma-xillik to‘g‘risidagi konvensiya va Kunmin–Monreal global doiraviy dasturi doirasidagi xalqaro majburiyatlarga asoslanadi.
Uchrashuvning amaliy natijasi sifatida bioxilma-xillikni asrash va tabiiy resurslarni barqaror boshqarish sohasida hamkorlik bo‘yicha Mintaqaviy deklaratsiya imzolandi. Shuningdek, moliyaviy resurslarni jalb etish mexanizmlarini o‘z ichiga olgan Mintaqaviy "soyabon" dasturi va Harakatlar rejasini ishlab chiqish hamda qo‘shma tashabbuslarni muvofiqlashtirish uchun mintaqaviy ishchi guruh tashkil etishga start berildi.








