UNDP bilan hamkorlikda Orolbo‘yida 37 ta onlayn monitoring stansiyasi o’rnatildi
2026-04-18 17:35:00 / Yangiliklar

Tashrif davomida Fujii xonim Qoraqalpog’iston Respublikasi Ekologiya va iqlim o’zgarishi qo’mitasi qoshida tashkil etilgan Situatsion markaz bilan yaqindan tanishdi. Bu yerda BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) bilan hamkorlikda amalga oshirilgan loyihaning natijalari namoyish etildi.
Ma’lumot uchun, hududda 37 ta avtomatlashtirilgan monitoring stansiyalari o’rnatilgan. Ushbu stansiyalar havo tarkibidagi eng kichik va xavfli zarrachalar (PM 2,5 va PM 10), zaharli gazlar (CO, NO2, O3, H2S) va meteorologik ko‘rsatkichlar (harorat, namlik, bosim va shamol tezligi)ni soniyama-soniya o‘lchab boradi.
Shuningdek, ma’lumotlarning AURISGREENTECH tizimi orqali avtomatik tarzda yangilanib borishi inson omilini kamaytiradi va ma’lumotlarning 100 foiz aniqligini ta’minlaydi.
Akiko Fujii qo‘mita tizimidagi Sinov laboratoriyasi faoliyatiga ham alohida to‘xtaldi. Laboratoriyada suv, tuproq va havo namunalarini xalqaro standartlar asosida tahlil qilish uchun barcha sharoitlar yaratilgan bo’lib, nafaqat ifloslanish darajasini aniqlash, balki ekologik xavflarni oldindan prognoz qilish va tezkor yechimlar ishlab chiqish imkonini beradi.
BMTning O’zbekistondagi vakili qo‘mita faoliyati, xodimlarning professional tayyorgarligi va texnik imkoniyatlarni yuqori baholab, BMT kelgusida ham Qoraqalpog‘istonning ekologik tizimini sog‘lomlashtirish yo‘lidagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlashda davom etishini bildirdi.
Ushbu tashrif mintaqada iqlim o‘zgarishiga moslashish, atrof-muhit ifloslanishini kamaytirish va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lidagi muhim qadamdir.








