“Tabiat bolalar nigohida” respublika rasmlar tanlovi o‘tkaziladi
2026-04-16 10:30:00 / Yangiliklar

Tanlovda davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari, umumiy o‘rta ta’lim hamda rassomlik va dizaynga ixisoslashtirilgan maktablarning 5-7, 8-10, 11-13 va 14-16 yoshdagi o‘quvchilari ishtirok etishi mumkin.
Tanlov bolalar va yoshlarning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish, ularda badiiy estetik didni shakllantirish, tabiatga boʻlgan mehr-muhabbatni oshirish va ekologik madaniyatni yuksaltirish, bolalarni atrof-muhitni asrash, uni goʻzallik bilan idrok etish hamda tabiat bilan uygʻun yashashga oʻrgatish, yosh rassomlarning isteʼdodini kashf etish va ularni qoʻllab-quvvatlash maqsadida tashkil etilmoqda.
Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida respublika bosqichi joriy yilning 21-aprel kuni, rassomlik va dizaynga ixisoslashtirilgan maktablar o‘quvchilari o‘rtasida respublika bosqichi 7-may kuni tashkil etiladi. Umumiy o‘rta ta’lim maktablar o‘quvchilari o‘rtasida hududiy bosqichlar esa 1-mayga qadar bo‘lib o‘tadi.
Tanlovda g‘olib bo‘lgan ishtirokchilarning ishlari GEFning VIII Assambleyasi va “Eco Exro Central Asia 2026” xalqaro ko‘rgazmasi doirasidagi ko‘rgazmaga joylashtiriladi.
