15-aprel – Ekologik bilimlar kuni
2026-04-15 11:45:00 / Yangiliklar

Oʻzbekistonda bugungi kunda ekologik madaniyat masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ekologik ta’lim mamlakatning barqaror rivojlanishining ajralmas qismiga aylanib bormoqda, tabiatga mas’uliyatli munosabatni shakllantirish esa davlat siyosati va jamiyatning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.
Mazkur yo‘nalishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Eko-madaniyat” umummilliy loyihasi doirasida ekologik taʼlim, ilm-fan va targʻibotni jadallashtirishga oid kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror qabul qilindi. Hujjat tizimli o‘zgarishlarni nazarda tutadi. Jumladan, 2026–2027-yillarda hududlarda 14 ta “yashil” texnikum faoliyat boshlaydi, ularda 5 000 nafar mutaxassis tayyorlanadi va bu ko‘rsatkich 2028–2029-o‘quv yiliga borib 10 000 nafarga yetkaziladi.
Shu bilan birga, xalqaro hamkorlik ham kengaytirilmoqda: "Green University"da har yili xorijiy talabalar tahsil oladi, ekologiya sohasida ilmiy darajaga ega mutaxassislar soni esa 150 nafarga yetadi. Shuningdek, tabiatni muhofaza qilish obyektlarida amaliy bazalar yaratilmoqda, “yashil kampuslar” yo‘lga qo‘yilmoqda, faol yoshlar uchun “Eko-stipendiya” va “Yosh ekolog” ko‘krak nishoni ta’sis etilmoqda.
Ekologik bilimlar kuni – bu shunchaki kalendardagi sana emas, balki ekologik madaniyatni shakllantirishga qaratilgan tizimli ishlarning ifodasidir. O‘zbekistonda u keng ko‘lamli islohotlar, ta’limga sarmoya va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash orqali yangi mazmun kasb etmoqda. Bu ekologik mas’uliyat hayot tarziga aylanadigan kelajak sari qo‘shilgan hissadir.


