Qurilish chiqindilari to‘planishi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan o‘rganish ishlari boshlandi
2026-04-15 11:30:00 / Yangiliklar

Tahlillarning ko‘rsatishicha, O‘zbekistonning barcha hududlarida qurilish ishlari ko‘paymoqda va bu o‘z navbatida qurilish chiqindilarining belgilanmagan joylarga noqonuniy tashlanishi bilan bog‘liq muammolarni yuzaga keltirmoqda. Xususan, birgina Chorvoq erkin turistik zonasi hududida qurilishlar 2020-yilga nisbatan 10 barobarga oshgani natijasida loyiha egalarining qurilish chiqindilarini ekologik me’yorlarga rioya qilmasdan turli joylarga noqonuniy ravishda tashlab ketish holatlari oshgan.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston qonunchiligida chiqindilar bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun qat’iy javobgarlik belgilab qo‘yilgan. Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 91 prim 1-moddasiga ko‘ra, belgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini tashlash, shuningdek, suyuq maishiy chiqindilarni to‘kish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 20 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima belgilanadi.
Bugungi kunda Maxsus komissiya tomonidan (Prezident Farmoni bilan 2025-yil noyabrda tashkil etilgan) qurilish chiqindilarining oldini olish maqsadida butun respublika bo‘ylab doimiy reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda. Xususan, Bosh prokuratura, IIV, FVV, Milliy gvardiya, Ekologik politsiya, Tur-politsiya hamda mahalliy hokimliklar vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilib, 10-apreldan joylarga chiqqan holda tekshiruv ishlari boshlangan. Tekshiruv ishlari birinchi navbatda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Chorvoq turistik zonasi hududini qamrab oldi. O‘rganishning dastlabki natijalariga ko‘ra, 2020–2021-yillarda tumandagi ikki chiqindi poligoni rekultivatsiya qilinib yopilgani hamda bugungi kunda u yerda chiqindilar Parkent tumanidagi poligonga tashlanishi ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, 11–13-aprel kunlari chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash bilan bog‘liq jami 102 ta huquqbuzarlik holati aniqlanib, ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi va tegishli choralar ko‘rilmoqda. Bundan tashqari, atmosfera havosini muhofaza qilish qoidalarini buzish bo‘yicha 19 holatda ham ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, tegishli qonuniy choralar belgilandi. 23 ta maxsus texnika yordamida ikkita noqonuniy chiqindixona to‘liq bartaraf etildi. Jami 401 tonna har xil turdagi chiqindilar maxsus chiqindi poligonlariga joylashtirish uchun olib chiqib ketildi.
Qayd etish lozimki, chiqindilarni noqonuniy va tartibsiz tashlashning oldini olish maqsadida hududda Ekologiya milliy qo‘mitasi tomonidan 10 ta lokatsiya bo‘yicha onlayn videokuzatuv moslamalari o‘rnatilgan. Bundan tashqari, qo‘shimcha 40 ta lokatsiya bo‘yicha onlayn videokuzatuv moslamalari o‘rnatiladi.
Shu bilan birga, hududlarda ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida respublika bo‘ylab dolzarb 10 kunlik e’lon qilindi. Ishchi guruh tomonidan qurilish chiqindilarini belgilanmagan joylarga tashlash bilan bog‘liq 11 huquqbuzarlik aniqlandi va tegishli ma’muriy choralar ko‘rildi.
Hurmatli yurtdoshlar!
Fursatdan foydalanib, shu va shunga o‘xshash ekologik huquqbuzarliklarga duch kelsangiz, Ekologiya milliy qo‘mitasining (71) 207-11-07, (71) 207-11-08, 1157 va 1207 telefon raqamlariga hamda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining 1205 qisqa raqamiga murojaat qilishingizni so‘raymiz. Shuningdek, murojaatlaringizni qo‘mitaning @ecogovuz_bot telegram boti orqali matn, surat va video shaklida ham yuborishingiz mumkin.


