“Darxon” ilmiy-tajriba xo‘jaligidagi noqonuniy qurilmalar bartaraf etilmoqda
2026-04-25 13:00:00 / Yangiliklar
Umumiy maydoni qariyb 4 gektarni tashkil etuvchi, park hududiga kiruvchi mazkur yer uchastkalari avval ko‘chat yetishtirish va baliqchilik bilan shug‘ullanish bahonasida 49 yil muddatga ijaraga berilgan. Biroq, ijarachilar tomonidan sal kam 2 gektar joyga turli qurilmalar va turar-joy obyektlari qurib olingan.
Mana shu noqonuniy qurilmalar o‘z davridagi mansabdor shaxslarning ongli ravishda yoki mas’uliyatsizliklari tufayli “Darxon” xo‘jaligining kadastr hujjatlari ham yo‘q qilinishi ortidan, keyinchalik “afv” etilish mexanizmlaridan foydalangan holda, xususiylashtirishga zamin yaratilgan.
Hozirda Toshkent tumanida “Darxon” xo‘jaligi tasarrufidagi yer uchastkalarida noqonuniy qurilmalarni buzish bo‘yicha ijro harakatlari Majburiy ijro byurosi tomonidan davom ettirilmoqda. Ko‘rilgan choralar doirasida 8 ta ijro ishi yakunlangan bo‘lsa, qolgan 9 tasi bo‘yicha ijro jarayonida qolmoqda. Xususan, 2 ta holatda obyektlarni buzish ishlari to‘liq yakunlangan, 2 ta holatda noqonuniy qurilmalar qisman demontaj qilingan, yana 5 ta holatda qarzdorlar va ularning vakillari ishtirokida majburiy choralar davom ettirilmoqda.
“Darxon” hududida qonuniy tartibni to‘liq tiklash maqsadida barcha noqonuniy obyektlar qayta inventarizatsiya qilindi. Asosiy vazifa nafaqat noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish, balki yer uchastkalarini dastlabki o‘rmonzor ko‘rinishidagi holatiga qaytarishdan iborat.
Ijro ishlari O‘zbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunining 23-moddasiga muvofiq qo‘zg‘atilgan. Jarayon davomida ushbu qonunning ijro ishlarini tugatish, qaytarish va yakunlash tartibini belgilaydigan 37, 40 va 41-moddalari qo‘llanilmoqda.
“Darxon” xo‘jaligi hududida noqonuniy qurilmalarni buzish ishlari davom etmoqda. Asosiy maqsad — yer resurslaridan foydalanish sohasida qonuniylikni tiklash va qonunbuzarliklar uchun jazo muqarrarligini ta’minlashdir.
