Qozog‘iston Prezidenti “Toza havo” qo‘shma tashabbusiga alohida ahamiyat berilishini ta’kidladi
2026-04-14 21:00:00 / Yangiliklar

Maktubda nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun jahon sivilizatsiyasi durdonasi bo‘lgan qadimiy Buxoro shahriga amaliy tashrif chog‘ida ko‘rsatilgan alohida mehmondo‘stlik va samimiyat uchun samimiy minnatdorchilik bildirilgan.
Ma’lumot uchun, Qozog‘iston Prezidenti 11-aprel kuni O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Tashrif davomida ikki davlat rahbarlari o‘rtasida suv resurslaridan oqilona foydalanish va mintaqaviy ekologik tashabbuslarni ilgari surish, shu jumladan, chegaradosh hududlarda “Toza havo” loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha birgalikda ishlash muhimligi qayd etildi.
Qasim-Jomart Toqayev o‘z maktubida Ostonaga qaytgach, tashrif davomida erishilgan va tasdiqlangan kelishuvlarni amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekistonning turli sohalardagi foydali tajribasini hisobga olish bo‘yicha aniq topshiriqlar berganligini ta’kidlagan. Jumladan, “Toza havo” qo‘shma tashabbusiga alohida ahamiyat qaratgan.
Ta’kidlash joizki, “Toza havo” umummilliy loyihasi nafaqat O‘zbekistondagi, balki transchegaraviy muammolarni ham bartaraf etishga qaratilgan. Loyiha atmosferaga chiqariladigan zararli tashlamalarni 10,5 foizga kamaytirish, sanoat obyektlaridan chiqadigan tashlamalarni ushlab qolish ulushini 32 foizga yetkazish, transportdan chiqayotgan ifloslantiruvchi moddalar hajmini 10 foizga qisqartirish, yashillik darajasini oshirish va boshqa muhim masalalarni qamrab olgan.
Qozog‘iston Prezidenti maktubida oldinga qo‘yilgan vazifalarning sifatli bajarilishi ikki davlatning strategik sherikligi va ittifoqchiligini yangi cho‘qqilarga olib chiqishiga xizmat qilishini alohida qayd etdi.
