Surxondaryo viloyatiga ko‘chiriladigan issiqxona xo‘jaliklari qo‘llab-quvvatlanadi
2026-04-07 11:45:00 / Yangiliklar

Mazkur qaror Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududlarida joylashgan issiqxona xo‘jaliklarini iqlim o‘zgarishiga moslashtirish, ularni Surxondaryo viloyatining iqlim sharoiti qulay hududlariga ko‘chirish, faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va zamonaviy issiqxona infratuzilmasini barpo etish orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda energiya taqsimotini samarali amalga oshirishga xizmat qiladi.
Qarorga ko‘ra, Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududlarida havo sifatini yaxshilash maqsadida ushbu hududlarda joylashgan, atrof-muhit va insonlar sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan issiqxona xo‘jaliklari Surxondaryo viloyatida tashkil etiladigan “Surxon-Agro” agrosanoat hududiga ko‘chiriladi. “Surxon-Agro” zonasida ishlab chiqarish va logistika tizimini rivojlantirish hamda zona faoliyatini boshqarish Direksiyasi tashkil etiladi.
Qarorda Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududlaridagi issiqxona xo‘jaliklarini ixtiyoriy ko‘chirishni rag‘batlantirish hamda ulardan bo‘shagan yer maydonlaridan kelgusida samarali foydalanish borasidagi chora-tadbirlar belgilab berildi. Xususan, issiqxona xo‘jaliklarini ko‘chirishdan bo‘shagan yer uchastkalarida ijarachilar tomonidan hududning ixtisosligidan kelib chiqib, intensiv bog‘dorchilik, uzumchilik va ko‘chatchilik yo‘nalishlarida faoliyatini davom ettirish yoki yashil bog‘larni barpo etishga ruxsat beriladi.
Muhim!
Davlat mulki bo‘lgan va tadbirkorlik subyektlariga ijara huquqi asosida berilgan yer uchastkalaridagi issiqxonalar faoliyati to‘xtatilib, yer uchastkalarida bino va inshootlar qurish (kapital qurilish) taqiqlanadi.
Bundan tashqari, Toshkent shahri, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlari hududidan Surxondaryo viloyatiga ko‘chiriladigan issiqxona xo‘jaliklari qo‘llab-quvvatlanadi. Xususan, “Surxon-Agro” zonasi hududida faoliyatini davom ettirgan tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan milliy va xorijiy valyutadagi kreditlarni qaytarish muddatlari 5 yilga, shundan imtiyozli davri 3 yilgacha uzaytiriladi. Shuningdek, 2028-yil 1-aprelga qadar “Surxon-Agro” zonasi hududiga ko‘chadigan issiqxonalarning issiqxona konstruksiya va uskunalarini demontaj qilish, tashish va qayta o‘rnatish bilan bog‘liq xarajatlari 1 sotix yer maydoni uchun bir martalik, biroq 500 ming so‘mgacha miqdorda qoplab beriladi.
Ta’kidlash joizki, Toshkent shahri hamda Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlarida atmosfera havosi sifatini yaxshilash maqsadida 2026-yil 1-iyundan boshlab ko‘mir va mazut yoqilg‘isidan foydalanishni nazarda tutuvchi yangi issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish va ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga ruxsat berilmaydi. 2026-yil 1-avgustdan boshlab mavjud issiqxonalar faoliyatining iqtisodiy samaradorligini qayta ko‘rib chiqish va ularni shaharsozlik hamda ekologik talablarga moslashtirish maqsadida issiqxonalarga tabiiy gaz yetkazib berish to‘liq to‘xtatiladi.
Issiqxonalar tomonidan iste’mol qilinadigan suv resurslari uchun to‘lovlar (soliq stavkasi) sanoat korxonalari uchun belgilangan eng yuqori tariflarning 5 baravari miqdorida hisoblanadi.
Diqqat!
2026-yil 1-avgustdan boshlab issiqxonalarda yoqilg‘i sifatida ko‘mir, shinalar, bitum, mazut, plyonka, sintetik karton, rezina, jun tolasi hamda shunga o‘xshash komponentlarni o‘z ichiga olgan materiallarni yoqish natijasida atrof tabiiy muhitni ifloslantirganlik va chiqindilarni joylashtirganlik uchun kompensatsiya to‘lovlari yigirma baravar oshirilgan holda qo‘llaniladi va mazkur tadbirkorlik subyektiga berilgan ekologik ekspertiza xulosasi qayta ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, bir qator imtiyozlardan foydalanishda cheklovlar o‘rnatiladi, ekologik talablarga rioya etilmagan hollarda davlat ekologik ekspertizasi bo‘yicha ijobiy xulosa berilmaydi hamda ilgari berilgan xulosaning amal qilishi belgilangan tartibda vaqtincha to‘xtatiladi.
Qarorga ko‘ra, ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga ilmiy maqsadlar uchun (seleksion navlar sinovi, urug‘ va ko‘chatlarni ko‘paytirish, xorijiy nav va duragaylarni mahalliy iqlimga moslashtirish) istisno tariqasida ekologik talablarga rioya etgan holda mavjud issiqxonalardan foydalanishga ruxsat etiladi.
