Ekologik huquqbuzarliklarga qarshi jazo choralari kuchaytirildi
2026-04-03 12:30:00 / Yangiliklar

Bu “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga atrof-muhit, hayvonot va o‘simlik dunyosining muhofazasini kuchaytirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunda alohida belgilab qo‘yildi.
Birinchidan, chiqindilar bilan ishlash sohasida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga o‘zgartirish kiritildi va yangi modda qo‘shildi. Unga ko‘ra, sanoat, qurilish, maishiy va boshqa turdagi chiqindilarni to‘plash, tashish, joylashtirish, zararsizlantirish, saqlash, utilizatsiya qilish, qayta ishlash, realizatsiya qilish chog‘ida tabiatni muhofaza qilish talablarini buzganlik uchun jarima miqdori fuqarolarga nisbatan 2 baravarga, mansabdor shaxslarga nisbatan esa 4–5 baravarga oshirildi.
Shuningdek, MJtKga yangi 91(4)-modda qo‘shilib, chiqindilar to‘plash maydonchalaridan va ularning qo‘riqlanmaydigan (modulli) inshootlaridan qayta ishlanadigan toifaga mansub chiqindilarni qonunga xilof ravishda to‘plash va olib chiqib ketish uchun javobgarlik (1,2 million so‘mgacha jarima) belgilanmoqda.
Ikkinchidan, daryolarning o‘zanlarini tozalashga va qirg‘oqlarini mustahkamlashga doir ishlarni amalga oshirish tartibini buzish, suvlarni ifloslantirish yoki bulg‘atish, suv to‘plagich inshootlarida suvni muhofaza qilish rejimini buzish, shuningdek, suv obyektlariga oqindi suvlarni oqizishga yo‘l qo‘yish shartlari to‘g‘risidagi talablarni buzish, suvdan foydalanish va suv iste’moli qoidalarini buzganlik uchun jarima miqdori fuqarolarga ikki baravar, mansabdor shaxslarga 4–5 baravar oshirilmoqda.
Uchinchidan, o‘rmon fondi yerlarida pichanzorlar va yaylovlarni shikastlantirish, o‘zboshimchalik bilan pichan o‘rish, drenaj tizimlarini va yo‘llarni yo‘q qilish yoki shikastlantirish, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar rejimini buzish, o‘rmon uchun foydali faunani yo‘q qilib yuborish, o‘rmonlarda yong‘in xavfsizligi talablarini buzganlik uchun jazo choralari oshirilmoqda. Shuningdek, MJtKga yangi 77(1)-modda qo‘shilib, qonunga xilof ravishda o‘rmon fondi yerlarini berish va ularda bino-inshootlar qurish uchun fuqarolarga maksimum 41,2 million so‘mgacha, mansabdor shaxslarga esa 82,4 million so‘mgacha jarima belgilanmoqda.
Qolaversa, Jinoyat kodeksiga yangi modda, ya’ni 198(1)-modda qo‘shildi (qonunga xilof ravishda o‘rmon fondi yerlarini berish yoxud o‘rmon fondi yerlaridan foydalanish qoidalarini buzish, shunday qilmishlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, maksimum 164,8 million so‘mgacha jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish). Bundan tashqari, o‘rmon fondi yerlarida qonunga xilof ravishda bino-inshootlar qurish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, maksimum 206 million so‘mgacha jarima yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazolari belgilanmoqda.
Shu bilan birga, o‘simliklar va hayvonlarga shikast yetkazish, nobud qilish, atmosfera havosini ifloslantirish kabi huquqbuzarliklar uchun ham jazo choralari kuchaytirilmoqda.
Shuningdek, quyidagilar ham ko‘zda tutilmoqda:
— maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari orqali qayd etilgan ekologik huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda;
— atrof-muhit davlat monitoringi tizimining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga ma’lumotlarni kiritmaganlik, to‘liq kiritmaganlik yoki noto‘g‘ri ma’lumot kiritganlik uchun atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning I va II toifalariga mansub faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarga nisbatan maksimum 123,6 million so‘mgacha miqdorda jarima tarzida moliyaviy sanksiya qo‘llaniladi;
— ko‘p kvartirali uyga tutash tuproqli va (yoki) yashil qoplamali yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan betonlashtirish, shuningdek ushbu yer uchastkasiga qurilma yoki konstruksiyalar o‘rnatganlik uchun fuqarolarga jarima 4,1 million so‘m, mansabdor shaxslarga esa 8,2 million so‘m jarima belgilanmoqda;
— yerlarni ifloslantirish yoki buzish, suv yoki atmosfera havosini ifloslantirish odamlarning ommaviy ravishda kasallanishi, hayvonlar, parrandalar yoki baliqlarning qirilib ketishi yoki boshqacha og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, jarima miqdori 2,5 baravarga (maksimum jarima 82,4 milliondan 206 million so‘mgacha) hamda majburiy jamoat ishlari maksimum 360 soatdan 480 soatga oshirilmoqda;
— yer, yer osti boyliklaridan foydalanish shartlarini yoki ularni muhofaza qilish talablarini buzish og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, jarima miqdori 3 baravarga (maksimum jarima 41,2 milliondan 123,6 million so‘mgacha), majburiy jamoat ishlari maksimum 360 soatdan 480 soatga va ozodlikni cheklash maksimum 3 yildan 5 yilga oshirilmoqda.

