O‘zbekistonning yo‘l-yo‘l sirtlonni saqlab qolishga qaratilgan tashabbuslari CMS COP15’da qo‘llab-quvvatlandi
2026-04-03 10:30:00 / Yangiliklar

Muhim qarorlardan biri O‘zbekiston Respublikasi tashabbusi bilan yo‘l-yo‘l sirtlonning (Hyaena hyaena) Konvensiya ro‘yxatlariga kiritilganligi bo’ldi. Ushbu tashabbus Tojikiston Respublikasi bilan hamkorlikda ilgari surilgan bo‘lib, turning xalqaro miqyosda muhofazasini ta’minlash yo‘lidagi izchil sa’y-harakatlar natijasi hisoblanadi.
Yo‘l-yo‘l sirtlon noyob va zaif turlar sirasiga kiradi. Uning soni yashash muhitining yo’q qilinishi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’qib qilinishi hamda ozuqa bazasining kamayishi sabab qisqarib bormoqda. Markaziy Osiyoda ushbu tur tarqoq hududlarda uchraydi va uning transchegaraviy xususiyatini inobatga olgan holda muvofiqlashtirilgan muhofaza choralarini talab qiladi.
Qabul qilingan qaror turning xalqaro darajada muhofazasini kuchaytirish hamda kelishilgan choralarni amalga oshirishni nazarda tutadi. Bunga populyatsiyalarni monitoring qilish, asosiy xavf omillarini kamaytirish va areal mamlakatlari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish kiradi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston tashabbusi bilan yo‘l-yo‘l sirtlon Markaziy Osiyo sutemizuvchilar tashabbusi (CAMI) doirasiga ham kiritildi. Bu esa turning muhofazasi bo‘yicha kelgusida amaliy choralarni birgalikda amalga oshirish uchun mustahkam asos yaratadi.
Shunday qilib, COP15 doirasida O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan yo‘l-yo‘l sirtlonga oid har ikki tashabbus — turni Konvensiya ilovalariga kiritish hamda uni saqlash bo‘yicha amaliy mexanizmlarni ishga tushirish qo‘llab-quvvatlandi. Bu qarorlar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro tabiatni muhofaza qilish jarayonlaridagi faol rolini yana bir bor tasdiqlaydi hamda Markaziy Osiyoda yo‘l-yo‘l sirtlonlarni uzoq muddat saqlab qolish uchun asos yaratadi.



