O‘zbekistonning biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha yangi milliy maqsadlari muhokama qilindi
2024-06-26 17:05:00 / Yangiliklar
Tadbirda Ekologiya vazirligi, BMTTD, Global ekologik fond (GEF), Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (IUCN), nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, olimlar, mutaxassislar ishtirok etdi. Unda O‘zbekistonning Kunming-Monreal global bioxilma-xillik dasturiga muvofiq biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha yangi milliy maqsadlari muhokama qilindi.
“O‘zbekistonda bioxilma-xillikni saqlash bo’yicha 2030-yilgacha maqsadlar belgilab olingan. Xususan, aholi yashash hududlaridagi sharoitlarni yanada yaxshilash, bioxilma-xillikni asrab qolish va yashash joylarining 30 foizini yashil hududga aylantirish maqsad qilingan, – dedi Ekologiya vazirligi bo‘lim boshlig‘i Abdurashid Sodiqov. – Shuningdek, Ekologiya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan maqsadlardan yana biri o‘simlik va hayvonot dunyosidan oqilona foydalanish, tabiiy resurslardan noqonuniy foydalanishga chek qo‘yishni kuchaytirishdir. Qolaversa, dorivor o‘simliklardan foydalanish bo‘yicha yiliga 25 ming gektar madaniy plantatsiyalar tashkil qilish va hayvonot dunyosi bo‘yicha Toshkent, Termiz, Farg‘ona davlat hayvonot bog‘lari qoshida yovvoyi hayvonlarni reabilitatsiya qilish markazlarini tashkil etish kabi takliflar tayyorlangan”.
Ta’kidlash joizki, Oʻzbekistonning biologik xilma-xillikni saqlash boʻyicha yangi milliy maqsadlari 2024-yil oktabr oyida Kolumbiyada boʻlib oʻtadigan Biologik xilma-xillik toʻgʻrisidagi konvensiya ishtirokchilarining 16-konferensiyasida jahon hamjamiyatiga taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Tadbirda yangilangan maqsadlar bo‘yicha fikr-mulohazalar, takliflar bildirildi. Bundan tashqari, BMTTD, GEF va Ekologiya vazirligining “Global bioxilma-xillik dasturi – erta harakatlarni qoʻllab-quvvatlash” qoʻshma loyihasi 2030-yilgacha butun dunyo bo'ylab tabiatni muhofaza qilish uchun amalga oshirilishi kerak bo'lgan aniq harakatlarni belgilab berishi ta’kidlandi. O‘zbekiston ushbu loyiha dasturiga qo‘shilish orqali uni mamlakatimizda amalga oshirish majburiyatini oldi.
“Dasturda 2030-yilgacha amalga oshirilishi kerak bo‘lgan 23 ta maqsad bor. Shuningdek, 2050-yilga borib erishish reja qilingan yana to'rtta global maqsad mavjud va eng muhim natija — 2050-yilgacha dunyo tabiat bilan uyg'unlikda yashashi kerak, – dedi loyiha rahbari Sergey Zagrebin. – Bugungi tadbirda ana shu maqsadlar muhokama qilindi. Umid qilamizki, loyiha doirasida tayyorlangan maqsadlar bo'yicha fikr-mulohazalar, tavsiyalar, qo'shimchalar, sharhlar bildiriladi va bu maqsadlarimizni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi”.
Ma’lumot uchun, loyiha 2023-yil fevral oyida boshlangan. 2023-yil oktabr oyida loyiha doirasida Global bioxilma-xillikni saqlash dasturining amaldagi Strategiyasi va Harakatlar rejasiga muvofiqligi masalalari muhokama qilindi va yangi maqsadlarni aniqlab olish zarurligi belgilab olindi.