Prezident Milliy dendrologiya bog‘ini barpo etishga start berdi
2026-04-01 12:45:00 / Yangiliklar

Yashillik darajasi 14,2 foizga oshdi
Ta'kidlash joizki, o‘tgan davrda 2 ming gektardan ziyod maydonda 942 ta yashil bog‘ va yashil jamoat parklari, 47 ta massivda “Yangi O‘zbekiston bog‘lari” barpo etildi. Respublikaning tog‘, cho‘l va adirlarida 256 ming gektar o‘rmon tashkil qilindi. Orolning qurigan tubida 2 million gektar maydonda yashil qoplamali himoya o‘rmonzorlari yaratildi. Shamol va qum-chang bo‘ronlari zararli ta’sirining oldini olish maqsadida 33 ta tumanda 60 kilometrli “yashil belbog‘” hosil qilindi.
Shuningdek, o‘tgan yili Xo‘jayli, Yangibozor, G‘ijduvon, Baliqchi va Ohangaron tumanlarida yiliga 5,5 million tup manzarali daraxt ko‘chatlari yetishtirish imkonini beradigan zamonaviy ko‘chatxonalar ishga tushirildi. Cho‘llanishni kamaytirish uchun Xitoy tajribasi asosida joriy yil ilk bor Arnasoy, Qorako‘l, Muborak, Karmana va Nukus tumanlarida 50 gektar maydonda suvsizlikka chidamli galofit bog‘lari yaratildi. Umuman, o‘tgan qisqa davrda respublikada yashillik darajasi 8 foizdan 14,2 foizga oshdi.
"Yashil makon", "Yashil devor" va yangi o‘rmonzorlar yaratiladi
Bu yil “Men ham ko‘chat ekaman” tashabbusi doirasida 75 million tupdan ziyod daraxt va buta ko‘chati ekildi. O‘tgan hafta Prezidentimiz imzolagan yangi farmonga ko‘ra, O‘zbekistonda 2030-yilga qadar umumiy yashillik darajasini 30 foizga yetkazish maqsad qilindi. Buning uchun Surxondaryoda 10 ming gektarda “yashil makon”, Sirdaryoda 84 kilometrli “yashil devor” barpo etiladi.
Qolaversa, Qoraqalpog‘istonda 1 million gektar, Navoiy va Buxoroda 300 ming gektardan, Xorazmda 85 ming gektar cho‘l hududida yangi o‘rmonzorlar yaratiladi. Viloyat hokimlarining har biri kamida 100 gektar maydonda botanika va dendrologiya bog‘lari, 20 tadan soya-salqin sayr ko‘chalari tashkil qilishga mas’ul bo‘ladi.
"Green University" alohida e'tirof etildi
Davlatimiz rahbari yashillik darajasini oshirishda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetining (“Green University”) ahamiyatini alohida qayd etib, ekologik ta’limni yanada rivojlantirish lozimligini ta’kidladi.
Universitet hududida “Ilm – loyiha – amaliyot” zanjiri asosida barpo etilayotgan “in-vitro” laboratoriyasi, Dorivor o‘simliklar hamda Urug‘chilik va seleksiya markazlari ham shu yilning o‘zida ishga tushiriladi. Qolaversa, joriy yildan har bir hududda “yashil” texnikumlar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, dual ta’lim asosida yiliga 10 ming nafar mutaxassis tayyorlash boshlanadi. Botanika va dendrologiya bog‘lari ushbu texnikum o‘quvchilari uchun amaliyot bazasiga, ilmiy xodimlari uchun esa tadqiqot maydoniga aylanadi.
Jamoatchilik ishtiroki yanada kengaytiriladi
Prezident hududlarda yashil bog‘lar yaratish bo‘yicha aholi va deputatlar ishtirokini yanada kengaytirishni taklif qildi. Ilgari “Mening bog‘im” dasturi doirasida har bir loyihaga budjetdan 250 million so‘mgacha mablag‘ berilgan bo‘lsa, endi bu miqdor 400 million so‘mdan oshiriladi. Har bir yashil bog‘ va jamoat parki uchun aholi o‘zi tanlagan, yashash hududlariga yaqin, eng muhimi, suv ta’minoti mavjud joylardan 1 gektargacha yer ajratiladi.
Davlatimiz rahbari mahalla raislari, otaxon va onaxonlarimiz, xotin-qizlar vakillari, barcha faollarga murojaat qilib, joylarda milliy urf-odatlarimiz, an’ana va qadriyatlarimizni yanada kengroq targ‘ib qilishga, mahalla aholisini hamjihatlik va ahillik ruhida mana shunday ezgu ishlarga chorlashga, klublar, jamoalar tashkil etib, har bir ko‘cha, xonadon, yo‘l bo‘ylariga nihol va gullar, qir-adirlarga daraxt va butalar ekishda yoshlarga bosh bo‘lishga chaqirdi.
164 gektar maydonda 88 ming tup ko‘chat o‘tqaziladi
Tadbir yakunida Prezidentimiz ishtirokida Milliy dendrologiya bog‘ining ilk 5 gektarida manzarali ko‘chatlar ekildi. Bu bilan bir vaqtda respublikamiz hududlarida 21 mingga yaqin yurtdoshimiz yana 164 gektar maydonda 88 ming tup ko‘chat o‘tqazdi.









