“Green University” va “yashil” texnikumlarda ekologik ta’lim darajasi oshiriladi
2026-04-02 15:30:00 / Yangiliklar

Qarorga ko‘ra, 2026–2027-yillar davomida respublikaning har bir hududida o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlaydigan 14 ta “yashil” texnikumlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, 2026/2027-o‘quv yilida 5 000 nafar, 2027/2028-o‘quv yilida 7 000 nafar hamda 2028/2029-o‘quv yilida 10 000 nafar o‘rta bo‘g‘in kadrlarni tayyorlash maqsad qilingan. Shuningdek, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetiga (“Green University”) Markaziy Osiyo davlatlari hamda boshqa xorijiy mamlakatlardan kamida 50 nafar talaba jalb qilinadi hamda 2027/2028-o‘quv yilida mazkur ko‘rsatkich kamida ikki baravarga oshiriladi. Qolaversa, 2026–2028-yillarda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi sohasida ilmiy daraja olgan nomzodlar soni 150 nafargacha yetkaziladi.
Qarorga asosan, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab respublikaning barcha hududlaridan bittadan, jami 14 ta texnikum “yashil” texnikumlar sifatida qayta tashkil etiladi hamda ularda hududning ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy sharoitlaridan kelib chiqib, sohalar uchun o‘rta bo‘g‘in kadrlar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab “yashil” texnikumlarda “Eko-stipendiya” ta’sis etiladi va har yili 10 nafargacha iqtidorli o‘quvchilarga stipendiya to‘lanadi. “Green University” va “yashil” texnikumlarda tahsil oluvchilar uchun o‘rmon xo‘jaliklari, gidrometeorologiya stansiyalari, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, chiqindi poligonlari, botanika va dendrologiya bog‘lari, zooparklar, Botanika va Zoologiya institutlarida amaliyot uchastkalari tashkil etiladi.
Qarorga ko‘ra, tizimli ravishda har yili ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi yo‘nalishida innovatsion, amaliy va fundamental loyihalar tanlovlari o‘tkaziladi. Oliy ta’lim tashkilotlarida 2026-yil 1-sentabrga qadar respublikadagi “Science Oasis” tamoyiliga asoslangan “yashil” transformatsiya va iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha kafedralar va fakultetlar, 2026-yildan boshlab esa oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan “yashil kampus” loyihalari ishlab chiqiladi. 2026-yildan boshlab “UI GreenMetric” xalqaro reyting tizimidan joy olgan dastlabki 5 ta oliy ta’lim tashkilotlariga yil yakuniga ko‘ra xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi.
2026-yil 1-maydan boshlab “10 ming qadam piyoda” tajribasi qayta tiklanadi va “Sog‘lom turmush tarzi” platformasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorga asosan, 2026-yil 1-martdan tabiatni muhofaza qilish sohasida alohida tashabbus ko‘rsatgan yoshlar hamda eko-a’lochi maktab o‘quvchilarini rag‘batlantirish maqsadida quyidagi darajalarda “Yosh ekolog” ko‘krak nishoni ta’sis etiladi:
— maktab o‘quvchilari o‘rtasida III darajali “Yosh ekolog”;
— kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari talaba yoshlari o‘rtasida II darajali “Yosh ekolog”;
— xalqaro va mahalliy miqyosda yuqori natijalarga erishgan yoshlar o‘rtasida I darajali “Yosh ekolog”.
Shu bilan birga, qarorda Samarqand shahrida Global ekologik jamg‘armaning 8-assambleyasi hamda Global ekologik jamg‘arma Kengashining 71-yig‘ilishini yuqori saviyada o‘tkazish hamda Samarqand shahrida tabiatga asoslangan yechimlarni ilgari surish maqsadida “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro ko‘rgazmasini tashkil etish ham belgilab berilgan.
Bundan tashqari, 2026-yil yakuniga qadar “Green University” qoshida suv va tuproq sifatini aniqlash imkonini beradigan kompleks laboratoriyalar tashkil qilish, Nukusda iqlim o‘zgarishi masalalarini o‘rganishga bag‘ishlangan innovatsion, madaniy va ekota’lim texnologiyalari, ekotizimlar va ularni qayta tiklash bo‘yicha innovatsion yechimlar aks ettirilgan doimiy ko‘rgazmalarni tashkil etishni nazarda tutuvchi “Iqlim o‘zgarishi muzeyi” faoliyatini yo‘lga qo‘yish ham ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, har yili avgust oyida Markaziy Osiyo darajasida iqlim ilmiy forumi tashkil qilinadi.
Mazkur qaror mamlakatimizda aholi orasida ekologik odatlarni shakllantirish, ta’lim muassasalarining barcha bosqichlarini xalqaro standartlar hamda ekologik me’yorlar asosida qayta yo‘lga qo‘yish, shuningdek, “Eko-madaniyat” umumilliy loyihasi doirasida maxsus bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan malakali mutaxassislarni “dual ta’lim” tizimi asosida tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirib borishga xizmat qiladi.
