Ijro intizomiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
2026-03-27 19:00:00 / Yangiliklar

Vazirning birinchi o‘rinbosari O.Qudratov olib borgan yig‘ilishda qo‘mita markaziy apparati mas’ullari, tizim tashkilotlari rahbarlari ishtirok etishdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-iyuldagi “Davlat organlari va tashkilotlarida ijro intizomini yanada mustahkamlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–117-son Farmonida belgilangan vazifalar muhokama etildi.Shuningdek, 2026-yilning birinchi choragida ijro intizomining holati, erishilgan natijalar, yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklar hamda ijro intizomini yanada mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar tahlil qilindi.
Qayd etilishicha, “Ijro.gov.uz” tizimida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasiga kelib tushgan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari bo‘yicha 2026-yilning yanvar-mart oylarida 422 ta topshiriq ijrosini ta’minlash belgilangan.
Joriy yilning 27-mart holatiga ko‘ra, mazkur topshiriqlardan 390 tasi (yoki 92,4 foizi)ning ijrosi ta’minlandi. Qolgan 32 ta topshiriq ijrosi bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.
2026-yil 27-mart holatida jami topshiriqlarning 21 tasi (5,0 foizi) ijrosida muddat kechikishiga yo‘l qo‘yilgan. Qolgan topshiriqlarning barchasi belgilangan tartibda nazoratdan yechilgan.
Bugungi kunda chorak yakunigacha “Ijro.gov.uz” tizimida qo‘mita tomonidan bajarilishi lozim bo‘lgan topshiriqlar ijrosining borishi qo‘mita markaziy apparati tarkibiy bo‘linmalari va tizim tashkilotlari rahbarlari hisobotlarining muhokamalari natijalari bo‘yicha belgilab olinadigan va topshiriqlar ijrosini jadallashtirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar asosida kundalik nazorat rejimida davom ettirilmoqda.
Qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini ta’minlashda ijro intizomini buzgan tarkibiy bo‘linmalar va tizim tashkilotlarining mas’ul rahbar va xodimlariga nisbatan intizomiy chora tadbirlari ko‘rib borilmoqda. Ijro intizomi talablarini buzgan xodimlarga nisbatan intizomiy choralarning boshqa shakllari bilan bir qatorda ularning ustama ish haqlariga nisbatan pasaytirilgan koeffitsientlar qo‘llanilib kelinmoqda.
Ijro intizomini mustahkamlash masalalari qo‘mita rahbariyati ishtirokida haftada 2 marta (dushanba, juma kunlari) o‘tkaziladigan yig‘ilishlarda muhokama qilib borilmoqda.
Yig‘ilish davomida tizim orqali nazoratga olingan hujjatlarning bajarilishi, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash holati ham muhokama qilinib, har bir topshiriq ijrosini o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar belgilandi.


