O‘zbekiston ko‘chib yuruvchi turlardan noqonuniy foydalanishni qisqartirish bo‘yicha global tashabbusni qo‘llab-quvvatladi
2026-03-28 12:30:00 / Yangiliklar

Mazkur tashabbus bioxilma-xillikni saqlashdagi eng dolzarb muammolardan biri — ko‘chib yuruvchi turlarni noqonuniy va barqaror bo‘lmagan tarzda olib qo‘yish muammosini hal etishga qaratilgan. Bu holat, avvalo, ichki foydalanish, jumladan, ov qilish, tutib olish va mahalliy savdo bilan bog‘liq. CMS konvensiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu omil uning ilovalariga kiritilgan ko‘plab turlar uchun jiddiy xavf tug‘diradi.
GTI tashabbusi CMS konvensiyasi doirasida amalga oshiriladi va kompleks yondashuvni nazarda tutadi. U qonunchilikni takomillashtirish, monitoring tizimlarini rivojlantirish, mahalliy hamjamiyatlarni jalb etish hamda aholining xabardorlik darajasini oshirishni o‘z ichiga oladi. O‘zbekiston ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi va uni amalga oshirishda ishtirok etayotgan davlatlar qatoriga qo‘shildi.
Tadbir davomida O‘zbekiston tomonidan ko‘chib yuruvchi turlarni noqonuniy olib qo‘yish muammosining dolzarbligi hamda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, O‘zbekiston hududidagi sayg‘oq, jayron, qulon va qor qoploni kabi ko‘chib yuruvchi turlarni muhofaza qilish milliy va transchegaraviy darajada muvofiqlashtirilgan harakatlarni talab qilishi qayd etildi.
Hayvonot dunyosini asrash borasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston, shuningdek, xalqaro hamkorlar bilan amaliy hamkorlik qilishga hamda Markaziy Osiyo mintaqasida tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini tasdiqladi.

