Milliy tabiiy meros obyektlariga doir zarur talablar belgilandi
2026-03-27 14:45:00 / Yangiliklar

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston milliy tabiiy meros obyektlari quyidagi turlarga bo‘linadi:
— biologik — 50 yillik va undan ortiq yoshdagi daraxtlar, relikt daraxtzorlar, qimmatbaho daraxt turlari bo‘lgan o‘rmonlar, tabiiy landshaftlar va ekotizimlar, Butunjahon biosfera qo‘riqxonalari, Ramsar konvensiyasi obyektlari, diqqatga sazovor tabiiy joylar, mavsumiy tabiiy hodisalar, qat'iy chegaralangan zonalar (o‘simlik va hayvonlarning muhim o‘sish hamda yashash areallari, muhim ornitologik hududlar, muhim biologik xilma-xil hududlar);
— geologik — geologik kesimlar, geomorfologik obyektlar, tabiiy geologik tuzilma, global geoparklar, fiziografik tuzilmalar, shifobaxsh konlar yoki yotqiziqli joylar, tabiiy yodgorliklar;
— gidrologik — tabiiy suv havzasi, sharshara, buloq, ko‘l va daryolar;
— paleontologik — qadimgi hayot shakllari qoldiqlari.
Nizomga ko‘ra, O‘zbekiston milliy tabiiy meros obyektlariga muhofaza etiladigan tabiiy hudud maqomi beriladi. Bu obyektlar Umumjahon madaniy va tabiiy merosi hamda Ramsar konvensiyasi obyektlari ro‘yxatiga, shuningdek, Butunjahon biosfera qo‘riqxonalari va Global geoparklar tarmog‘iga kiritilishi mumkin.
Qolaversa, davlat qo‘riqxonalari, majmua (landshaft) buyurtma qo‘riqxonalari, tabiat bog‘lari, davlat buyurtma qo‘riqxonalari, davlat tabiat yodgorliklari, shuningdek, davlat biosfera rezervatlari milliy tabiat bog‘lari ro‘yxatiga kiritiladi.
Tabiiy obyekt O‘zbekiston milliy tabiiy meros obyektlari ro‘yxatiga kiritilishi uchun quyidagi talablarga javob berishi lozim:
— biofizik jarayonlar va relyef shaklining o‘ziga xosligi hamda buzilmagan bo‘lishi;
— tabiiy holatda bo‘lgan asosiy o‘zaro aloqa va bog‘liqlik elementlarining barchasini yoki ko‘p qismini o‘z ichiga olishi;
— ekotizim va bioxilma-xillikni uzoq muddatli saqlashda ahamiyatli bo‘lgan tabiiy jarayonlarning zarur bo‘lgan barcha elementlarini qamrab olishi;
— bioxilma-xillikni saqlash nuqtayi nazaridan muhim obyekt bo‘lishi, tegishli biogeografik mintaqa va ekotizimlarga xos fauna va flora yashash hududlarini hamda ularning areallarini qamrab olishi;
— ko‘chib yuruvchi turlarning yashash hududlari, ko‘payish va uyalash joylari hamda ko‘chish yo‘llari mavjud bo‘lishi;
— bioxilma-xillik yoki insoniyat hayoti uchun ahamiyatli hisoblangan gidrologik obyektlar mavjud bo‘lishi;
— yer rivojlanishi tarixini o‘zida aks ettirgan geologik kesim va tuzilmani, geomorfologik obyekt, paleontologik yotqiziqlar, hosilalar yoki obyektlar hamda shifobaxsh kon yoki yotqiziqli hududlarni qamrab olishi.
Nizomga ko‘ra, O‘zbekiston milliy tabiiy meros obyektlarida tabiiy resurslarni qazib olish, o‘simlik va hayvonot dunyosiga zarar yetkazish, noqonuniy qurilishlarni amalga oshirish, daraxt va butalarni kesish, gidrologik va gidrodeologik rejimni o‘zgartiradigan harakatlar, tuproq erozoyasi, o‘simlik va hayvonot dunyosiga zarar berish, yo‘l va muhandislik-kommunikatsiya ishlarini amalga oshirish taqiqlanadi.
Shuningdek, chiqindilarni saqlash va ko‘mish, oqova suvlarni oqizish, zaharli kimyoviy moddalarni qo‘llash, harom o‘lgan chorva mollar ko‘miladigan joylarni tashkil etish, zaharli kimyoviy moddalar va mineral o‘g‘itlar omborlarini qurish, kimyo, sellyuloza-qog‘oz va metallurgiya sanoati korxonalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, chorvachilik va parrandachilik majmualarini joylashtirish, shuningdek, sug‘orish uchun "sharbat" (suyuq go‘ng) ishlatish, transport vositalarini qo‘yib turish, ularga yonilg‘i quyish, yuvish va ta'mirlash joylarini tashkil etish, neft mahsulotlari omborlarini tashkil qilish, zig‘ir, kanop va teri yuvish hamda tirik organizmlarning yangi va kenja turlarini iqlimlashtirish maqsadida joylashtirish mumkin emas.
O‘zbekiston milliy tabiiy meros obyekti hududida qurilish ishlarini amalga oshirishda ma'lum talablar belgilanadi. Jumladan, inshoot balandligi, tashqi ko‘rinishi va ishlatiladigan materillar mahalliy landshaftga to‘liq uyg‘un bo‘lishi, qurilishda faqat tabiiy va ekologik toza materiallardan foydalanilishi lozim. Qurilishda relyefni o‘zgartirish, daraxtlarni kesish, o‘simliklarga zarar yetkazish va suv obyektlarining tabiiy o‘zanlarini o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Talablar buzilgan taqdirda qurilish ishlari zudlik bilan to‘xtatiladi va aybdor shaxslarga hududni rekultivatsiya qilish (avvalgi holatiga qaytarish) majburiyati yuklanadi hamda yetkazilgan zarar belgilangan tartibda undiriladi.
Bundan tashqari, sanoat va ishlab chiqarish korxonalari, ko‘p kvartirali uylar va baland inshootlar, chiqindi poligonlari va kimyoviy moddalar omborlarini qurishga ruxsat berilmaydi.
