Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan muhim vazifalar belgilandi
2026-03-27 10:10:00 / Yangiliklar

“Tоzа havo” umummilliy loyihasining asosiy maqsadlari
Farmonga ko‘ra, 2026 – 2030-yillarda atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasining quyidagi asosiy maqsadlari belgilandi:
— atmosferaga chiqarib tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdorini 10,5 foizga kamaytirish;
— atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha I va II toifaga kiruvchi korxonalarda avtomatik monitoring stansiyalari va chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatilishini ta’minlash;
— sanoat obyektlaridan chiqadigan tashlamalarni ushlab qolish ulushini 32 foizga yetkazish;
— PM2,5 bo‘yicha milliy me’yorlardan oshish kuzatilgan kunlar sonini kamaytirish;
— transport vositalaridan atmosfera havosiga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar hajmini 10 foizga qisqartirish.
Shuningdek, Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha maxsus komissiya faoliyati 2027-yil 1-martgacha uzaytiriladi hamda uning nomi “Ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi”ga o‘zgartiriladi.
Qolaversa, 2026-yil 1-iyulgacha Farg‘ona, Andijon hamda Namangan viloyatlarida, 2026-yil 1-avgustgacha Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarida, 2026-yil 1-oktabrgacha Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy va Buxoro viloyatlarida, 2026-yil 1-dekabrgacha esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Xorazm viloyatida “Toza havo” umummilliy loyihasi amalga oshiriladi.
Energetika, sanoat va qishloq xo‘jaligida amalga oshiriladigan
ekologik islohotlar
Shu bilan birga, 2026-yil 1-apreldan Toshkent shahrida yangi sanoat zonalarini tashkil qilishga muddatsiz moratoriy joriy qilinadi (xizmat ko‘rsatish yoki moliyaviy xizmatlarga asoslangan zonalar mustasno).
Bundan tashqari, issiqlik va elektr energiyasini ishlab chiqarish hamda sanoat korxonalarida chang-gaz tozalash va energiya samarador uskunalar o‘rnatishga ham alohida e’tibor qaratiladi. Jumladan:
— xalqaro standartlashtirish tashkilotining ekologik menejment, issiqxona gazlarini boshqarish, ekologik xavfsizlik va yashil energiya xalqaro sertifikatlarni olib, mahsulotining 30 foizini muqobil energiya hisobiga ishlab chiqargan korxonalar sertifikat xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi;
— 2026-yil 1-maygacha Toshkent shahri hamda unga tutash hududlarda joylashgan issiqlik va elektr energiyasini ishlab chiqarish korxonalarida ustuvor (turg‘un) manbalar bo‘yicha majburiy tartibda avtomatik monitoring stansiyalari va avtomatik kuzatuv postlari o‘rnatiladi hamda ushbu qurilmalardan olinadigan ma’lumotlar Ekologiya qo‘mitasining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilinadi;
— atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha I va II toifaga kiruvchi korxonalar tomonidan o‘rnatilgan avtomatik monitoring stansiyalari atrof tabiiy muhit davlat monitoringi tizimining Ekologiya qo‘mitasining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilinmagan taqdirda, ularga nisbatan atrof tabiiy muhitni ifloslantirganligi va chiqindilarni joylashtirganligi uchun kompensatsiya to‘lovlari o‘n baravar oshirilgan holda qo‘llaniladi;
— 2026-yil 1-iyuldan boshlab issiqxonalarni issiqlik bilan ta’minlashda issiqxonalardagi muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lmagan hamda yonish jarayoni nazorat qilinmaydigan qozonlardan foydalanish amaliyoti bekor qilinadi.
Tijorat banklari orqali sanoat korxonalarida yashil texnologiyalar, chang-gaz tozalash uskunalari, avtomatik monitoring stansiyalari, energiya samarador uskunalar va lokal suv tozalash inshootlarini sotib olish uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi.
2026-yil 1-maydan 2026-yil 1-dekabrgacha atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha I va II toifaga kiruvchi korxonalarda yashil texnologiyalar, chang-gaz tozalash uskunalari, avtomatik monitoring stansiyalari, energiya samarador uskunalar va lokal suv tozalash inshootlari o‘rnatiladi. Bunda Ekologiya qo‘mitasi tomonidan chang-gaz tozalash uskunalari samaradorligi maxsus laboratoriya sinovlari asosida doimiy ravishda monitoring qilib boriladi. Monitoring natijalariga ko‘ra ijobiy xulosa olgan chang-gaz tozalash uskunalari reyestri shakllantiriladi va qo‘mita rasmiy sahifasida e’lon qilinadi.
Qurilish sohasida atmosfera havosini muhofaza qilish va ekologik
talablar kuchaytiriladi
Farmonga asosan, 2026-yil 1-iyundan boshlab qurilish obyektlarida (yakka tartibdagi uy-joylar bundan mustasno) quyidagi majburiy ekologik talablar joriy qilinadi:
— qurilish obyektlarini fon monitoring stansiyalari bilan jihozlash va Ekologiya qo‘mitasining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilish;
— onlayn nazorat qilish uchun qurilish maydoni bo‘ylab va chiqish nuqtalarida onlayn kameralar o‘rnatish va Ekologiya qo‘mitasining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilish;
— huquqbuzarlik sodir etgan qurilish tashkilotlarining “Shaffof qurilish” platformasidagi reyting ballarini kamaytirish;
— qurilish obyektlar bo‘yicha loyiha-smeta va shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazishda majburiy ravishda ekologik ekspertiza xulosasini taqdim etish.
Shuningdek, yangi quriladigan, balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan bino va inshootlarni (yakka tartibdagi uy-joylar bundan mustasno) loyihalashtirishda ularga tutash hududlarning ko‘kalamzorlashtirish (daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni ekish) maydonlari loyiha uchun ajratiladigan yer uchastkalari umumiy maydonining 30 foizidan kam bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi (ekspluatatsiya muddatini o‘tab bo‘lgan va ma’nan eskirgan bino va inshootlarni renovatsiya qilish bundan mustasno).
Shu bilan birga, 2026-yil 1-dekabrgacha bir hududda kamida 1 gektar maydonda daraxt barglarini yig‘ish, ularni biologik usulda chirish (kompostlash) orqali olingan organik moddalardan kompost va mulchalashda foydalanish tizimi joriy etiladi.
2027-yil 1-mayga qadar xorijiy kompaniya va ilmiy tadqiqot institutlarini jalb qilgan holda Toshkent shahrining 2035-yilgacha mo‘ljallangan ekologik va suv resurslarini boshqarish, ulardan oqilona foydalanish bo‘yicha master rejasi ishlab chiqiladi.
Farmonda ekologik va qurilish ekspertiza xulosalarini olishda “shamol guli” koridorlari harakatlanishini inobatga olish majburiy etib belgilandi. Shuningdek, hududlarning bosh rejalar loyihalarida “shamol guli” koridorlari harakatlanishini inobatga olgan holda “shamol yo‘laklari” tasdiqlanadi. Qolaversa, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan daryo va soylar o‘zanini tozalash jarayonida yoki noqonuniy ravishda qum-shag‘al qazib olish natijasida buzilgan suv fondi yerlarini tiklash (reabilitatsiya, rekultivatsiya va ko‘kalamzorlashtirish ishlari) qonunbuzarlik sodir etgan shaxslarning mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Transport tizimini ekologik jihatdan takomillashtirish
Farmonda transport tizimini ekologik jihatdan takomillashtirish borasida muhim vazifalar belgilandi. Unga ko‘ra:
— 2026-yil 1-maydan har oyning 10 va 25-sanalarida “Avtomobilsiz kun, hafta” aksiyalari o‘tkazib boriladi. Bunda mazkur aksiyalar doirasida fuqarolik davlat xizmatchilari tomonidan xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish qat’iyan taqiqlanadi;
— 2026-yil 1-avgustdan aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida “trade-in” dasturi doirasida eskirgan avtotransport vositalarini topshirgan jismoniy va yuridik shaxslarga yangi transport vositalarini xarid qilish uchun avtokredit foizining bir qismi qoplab beriladi;
— 2026-yil 1-noyabrga qadar respublikadagi barcha neftni qayta ishlash zavodlari 2028-yil 1-noyabrga qadar “Yevro-4”, 2030 yil 1 martdan boshlab “Yevro-5” ekologik daraja talablariga muvofiq bo‘lgan motor yoqilg‘ilarini ishlab chiqarishga mo‘ljallab modernizatsiya qilinadi hamda rivojlantiriladi;
— 2026-yil yakuniga qadar “ekologik transport” tizimi doirasida Toshkent shahri hududi “qizil”, “sariq” va “yashil” zonalarga ajratiladi;
— 2026-yil yakuniga qadar Toshkent shahridagi barcha avtotransport vositalariga ekologik toifasini tasdiqlovchi ekologik stikerlar beriladi.
Tabiiy changning oldi olinadi
Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-apreldan chang bo‘ronlarining oldini olish uchun Surxondaryo va Sirdaryoda kamida 150 kilometr “yashil devor”lar barpo etiladi. Fanlar akademiyasining Yadro fizika instituti va unga tutash bo‘lgan 250 gektar hududda hamda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti qarshisidagi Toshkent va Qibray tumanlaridagi 83 gektar hududda dendrologiya bog‘lari yaratiladi.
Shuningdek, 2026-yil yakuniga qadar Toshkent shahrida 4 ta sun’iy ko‘l va suv havzalari quriladi. 2026-yil 1-apreldan Toshkent shahrida faoliyat olib borayotgan davlat oliy ta’lim muassasalari hududida kamida 1 ta, jami 15 tagacha favvora quriladi, Toshkent shahrining har bir tumanida shaharsozlik normalaridan kelib chiqib kamida bittadan favvora barpo qilinadi.
Bundan tashqari, ijobiy sinovdan o‘tgan xorijiy tajribani o‘rgangan holda sun’iy yomg‘ir yog‘dirish va sun’iy shamol texnologiyasi tegishli tartibda bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bunda, 2027-yil 1-oktabrga qadar poytaxtning atmosfera havosini yaxshilash maqsadida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida namligi past bo‘lgan hududga kerakli asbob-uskunalar o‘rnatiladi.
Mazkur Farmon iqlim o‘zgarishining jadallashishi, urbanizatsiya, sanoat va transportning rivojlanishi natijasida atrof-muhitga antropogen yuklamani qisqartirish, atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish, shuningdek, toza va resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etishni rag‘batlantirishga qaratilgan.
