O‘zbekistonda xalqaro yoshlar ekologik oromgoh ish boshladi
2024-06-24 13:05:00 / Yangiliklar
Joriy yilda Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari — O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston ekologiya faollari safiga Ozarbayjon, Vengriya va Turkiyadan kelgan ishtirokchilar qo‘shildi.
Tashkilotchilar — “Zamin” xalqaro jamoat fondi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, UNICEF, BMTning Taraqqiyot dasturi (BMTTD) hamda Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO).
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda yoshlarning rolini yoritish, yosh ekologik faollarga o‘z taklif va tashabbuslarini ilgari surish imkoniyatini berish, mazkur hududlarda yoshlar ekologik harakatining integratsiyalashuviga ko‘maklashishdan iborat.
Oromgoh doirasida seminarlar, xalqaro ekspertlar bilan iqlim kun tartibidagi dolzarb mavzular bo‘yicha munozaralar bo'lib o'tadi, shuningdek, COP-29 ko‘rgazmasida mamlakatlar taqdim etishni rejalashtirayotgan loyihalarni ishlab chiqish va muhokama qilish, ularda yosh eko-rahbarlar ishtirok etishi masalalariga e'tibor qaratiladi.
Samarqanddagi “Ipak yo’li” xalqaro turizm va madaniy meros universitetida ishtirokchilarni faol guruh mashg'ulotlari, mahorat darslari va ekologik loyihalar muhokamasi kutmoqda. Toshkent shahrida esa ishtirokchilar ekomaktablar va "Green University"ga tashrif buyurib, ekologiya sohasidagi yetakchi mutaxassislarning ma’ruzalarini tinglashadi.
Shuningdek, tadbir dasturidan Samarqandning tarixiy diqqatga sazovor joylari - Go’ri Amir maqbarasi, Shohi Zinda majmuasi va Mirzo Ulug’bek rasadxonasiga tashrif ham o‘rin olgan.
Tadbir 30-iyunga qadar davom etadi.