Yashillik darajasini oshirishga hissa qo‘shganlarga maxsus maqom beriladi
2026-03-26 19:15:00 / Yangiliklar

Farmonga ko‘ra, 2028-yilga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida qo‘shimcha ravishda jami maydoni 100 gektardan kam bo‘lmagan botanika va dendrologiya bog‘larini tashkil qilish, xalqaro standartlarga muvofiq 2030-yilgacha O‘zbekistonda umumiy yashillik darajasini 14,2 foizdan 30 foizgacha oshirish, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yashil hudud hajmini 9–10 m²gacha kengaytirish hamda PM2.5 va PM10 kabi zararli zarrachalar konsentratsiyasini 20–25 foizga kamaytirish, iqlim sharoiti og‘ir hududlarda havo haroratini o‘rtacha 1,5–2°C gacha pasaytirish asosiy maqsad etib belgilandi.
Shuningdek, dendrologiya bog‘lari maqomiga ko‘ra botanika bog‘lariga tenglashtiriladi, botanika va dendrologiya bog‘larini tashkil etish maqsadida ajratiladigan yer maydonlari istisno tariqasida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiligi o‘rnini qoplash bo‘yicha to‘lovlardan ozod qilinadi. Dendrologiya bog‘lariga ham botanika bog‘lari kabi muhofaza etiladigan tabiiy hudud maqomi beriladi.
Bundan tashqari, botanika va dendrologiya bog‘lari Ekologiya qo‘mitasi tasarrufida bo‘ladi hamda umumdavlat ahamiyatiga molik, “Green University” va “yashil” texnikumlarning tajriba, eksperimental va o‘quv-tajriba, ilmiy hamda o‘quv maqsadlar uchun foydalaniladigan obyektlari hisoblanadi.
Diqqat!
Botanika va dendrologiya bog‘lari yer uchastkalarini xususiylashtirish yoki begonalashtirish, ularning hududlarini qisqartirish qat’iy taqiqlanadi. Bog‘larni loyihalash, tashkil etish va ularni ekspluatatsiya qilish jarayonlarida xalqaro ekologik standartlar, atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha umum e’tirof etilgan ekologik me’yorlar va milliy qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilinadi.
Farmonga ko‘ra, botanika va dendrologiya bog‘lari sportchi, san’atkor, tadbirkor va boshqa tashabbuskorlar mablag‘lari hisobiga tashkil etilishi mumkin hamda ularda ishtirok etgan shaxslar nomi bitib qo‘yiladi (tamg‘alanadi), bog‘larni tashkil etishda moliyaviy va amaliy yordam ko‘rsatgan shaxslarga “metsenat” maqomi beriladi.
2027-yil 1-yanvardan boshlab botanika va dendrologiya bog‘larining samarali faoliyat ko‘rsatishi va barqaror rivojlanishini ta’minlash maqsadida respublikaning har bir hududidan mazkur bog‘larga “yashillik elchisi” biriktiriladi. “Yashillik elchilari” bog‘laridagi yashil hududlarning holatini muntazam monitoring qilish, aniqlangan kamchilik va muammolar to‘g‘risida mas’ul davlat organiga ma’lumot taqdim etish, ko‘kalamzorlashtirish, parvarishlash va ekologik tadbirlarda faol ishtirok etish, ekologik madaniyatni oshirish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surish, eko bog‘larini asrash va rivojlantirish bo‘yicha mahalliy hamda xalqaro grantlar, homiylik mablag‘lari va ijtimoiy sheriklik loyihalarini jalb etishga ko‘maklashish kabi vazifalarni bajaradi.
Fakt!
2028-yil 1-noyabrga qadar botanika va dendrologiya bog‘lari hududi kamida 100 gektargacha yetkaziladi.
Bundan tashqari, O‘rmon agentligi tizimidagi “Yashil hudud” davlat unitar korxonasi “Yashil bog‘larni boshqarish o‘rmon ilmiy-tajriba markazi” davlat muassasasiga aylantiriladi. Markaz tarkibida daraxt kasalliklari va zararkunandalariga qarshi kurashish xizmati tashkil etiladi. Markaz tasarrufidagi bog‘lar va ko‘chatxonalar tashkil etish uchun biriktirilgan yer uchastkalari daraxtzorlar sifatida soliq solish obyekti hisoblanmaydi.
Farmonga asosan, “Yashil bilet” tizimi joriy qilinadi. Bu tizim samolyot, poyezd, metro va taksi yo‘nalishlarida marshrutning karbon izini (ta’sirini) aniqlash va foydalanuvchilarga marshrutning tabiatga ta’sirini “yashil bilet” sotib olish orqali kompensatsiya qilish imkonini beradi. Shuningdek, ishlab chiqariladigan, saqlanadigan, ichki va tashqi bozorda realizatsiya qilinadigan mahsulotlar uchun ishlab chiqarish, saqlash va logistika jarayonlaridagi karbon izi hisoblanib, xaridorga mahsulotning atrof-muhitga ta’sirini ixtiyoriy ravishda kompensatsiya qilish imkoniyati yaratiladi. “Yashil bilet” olish orqali tabiatga zarar kompensatsiyasidan tushgan mablag‘lar faqat daraxt ko‘chatlari ekish va ularni parvarishlash tadbirlariga yo‘naltiriladi.
Bundan tashqari, “Yashil makon” umumilliy loyihasini amalga oshirishda o‘z hissasini qo‘shayotgan shaxslar rag‘batlantiriladi. Jumladan, kamida 100 ta daraxt ko‘chatlari ekkan shaxsga yoki daraxt ekish uchun “Yashil xayriya jamg‘armasi” platformasiga kamida 10 million so‘m hadya qilgan shaxsga ekofaol fuqaro maqomi beriladi. Qolaversa, kamida mingta daraxt ko‘chatlari ekilishini tashkil qilgan yoki “Yashil xayriya jamg‘armasi” platformasiga kamida 100 million so‘m hadya qilgan tadbirkorlik subyektlariga “Eko-hamkor” maqomi beriladi.
Bunda tadbirkorlik subyektlari ushbu maqomdan o‘z faoliyatini reklama qilishda foydalanish huquqiga ega bo‘ladi. Ellik mingdan kam bo‘lmagan daraxt ko‘chatlari ekilishini ta’minlagan yoki “Yashil xayriya jamg‘armasi” platformasiga kamida 5 milliard so‘m hadya qilgan shaxslarga “Metsenat” unvoni beriladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida kamida 5 ta “yashil bog‘” va “yashil jamoat parki”ni o‘z hisobidan barpo qilgan shaxslarni “Kelajak bunyodkori” davlat mukofoti bilan taqdirlash ko‘zda tutilgan.
Mazkur Farmon “Yashil makon” umumilliy loyihasi doirasida respublikada yashil maydonlarni kengaytirish, mamlakatimizning har bir viloyatida botanika va dendrologiya bog‘larini tashkil qilish hamda mavjud “yashil bog‘lar”ni samarali boshqarish tizimini joriy etish orqali ularni saqlash, zararkunandalarga qarshi kurashish tizimini yaratish hamda mahalliy iqlim sharoitiga mos ko‘chatlarni ilmiy asoslangan holda yetishtirishni rivojlantirishga xizmat qiladi.
