Oʻzbekistonga koʻchib yuruvchi turlarni asrashga qoʻshgan hissasi uchun faxriy maqom berildi
2026-03-24 11:00:00 / Yangiliklar

Ochilish marosimida Konvensiyaning amaldagi raisi sifatida soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi oʻz raisligini rasman Braziliya Federativ Respublikasiga topshirdi. Yalpi majlis davomida Oʻzbekiston delegatsiyasi 2024-yildan 2026-yilgacha boʻlgan raisligi natijalari boʻyicha hisobot taqdim etdi. Hujjatda mamlakatning koʻchib yuruvchi turlarni muhofaza qilishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga va yovvoyi hayvonlarni noqonuniy ovlashga qarshi kurashishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surishga qoʻshgan hissasi aks ettirilgan.
Eslatib o'tamiz, Konvensiya Tomonlarining 14-konferensiyasi (CMS COP14) 2024-yil fevral oyida Samarqandda bo'lib o'tgan va undan so'ng O'zbekiston raislikni o'z zimmasiga olgan edi. Ushbu forumga mezbonlik qilish mamlakatning atrof-muhit sohasidagi xalqaro mavqeyini mustahkamlashda muhim qadam bo'ldi.
Xalqaro hamjamiyat tomonidan berilgan alohida e’tirof sifatida O‘zbekiston Respublikasi Hukumatiga "Migratory Species Champion Plus" ("Ko‘chib yuruvchi turlarni asrash bo‘yicha chempion plus") maqomi berildi. Tantanali marosim "Migratory Species Champion Programme" dasturi doirasida o‘tkazildi. Ushbu maqom O‘zbekistonga 2026–2028-yillarda ko‘chib yuruvchi turlarni noqonuniy olib ketishga qarshi huquqiy mexanizmlarni mustahkamlash va global harakatlarni qo‘llab-quvvatlagani uchun topshirildi.
Bu natija mamlakatning barqaror ekologik siyosatini va bioxilma-xillikni asrash hamda ko‘chib yuruvchi turlarni himoya qilish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtirishga qo‘shgan hissasini aks ettiradi.



