Markaziy Osiyoda yovvoyi tabiat vakillarining noqonuniy savdosiga qarshi kurash choralari muhokama qilindi
2026-03-13 17:15:00 / Yangiliklar

Seminarda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (“Green University”), Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, shuningdek, Interpol va boshqa davlat idoralari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni ochib bergan “Green University” rektori Baxtiyor Po‘latov universitetda yovvoyi tabiatning noqonuniy savdosiga qarshi kurash sohasida mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan maxsus ta’lim dasturini yaratish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qildi. Ushbu dastur doirasida talabalar bojxona va chegara organlarida amaliyot o‘tashi, o‘qishni tugatgach esa tegishli sertifikatlar olishlari mumkinligi ta’kidlandi.
Seminar davomida TRAFFIC tashkiloti vakillari Markaziy Osiyoda amalga oshirilayotgan yangi tashabbuslarni taqdim etdilar. Bu tashabbuslar yo‘qolib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo to‘g‘risidagi konvensiya (CITES)ni amalga oshirishga mas’ul bo‘lgan huquqni muhofaza qiluvchi hamda ma’muriy organlarning salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan. Loyihalar mutaxassislar malakasini oshirish va yovvoyi tabiat obyektlarining noqonuniy savdosiga qarshi kurash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan.
Tadbirda yovvoyi tabiatning noqonuniy savdosi bo‘yicha ma’lumotlarni yig‘ish, ma’lumot almashish va boshqarish amaliyotlarini tahlil qilishga alohida e’tibor qaratildi. Muhokamalar jarayonida ushbu sohadagi asosiy muammolar aniqlanib, axborot almashinuvi va idoralar o‘rtasidagi muvofiqlashtirish mexanizmlarini takomillashtirish yo‘llari ko‘rib chiqildi.
Seminar doirasida fokus-guruhlar shaklida ham muhokamalar o‘tkazildi. Ishtirokchilar yovvoyi tabiatning noqonuniy savdosiga qarshi kurashning hozirgi holatini tahlil qilib, huquqni qo‘llash sohasidagi asosiy muammolar va ehtiyojlarni belgiladilar. Shuningdek, eng yaxshi tajribalar bilan o‘rtoqlashib, hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflar bildirdilar.
Ta’kidlash joizki, bunday tadbirlar idoralararo hamkorlikni mustahkamlash, mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirish hamda Markaziy Osiyoda bioxilma-xillikni muhofaza qilish va yovvoyi tabiat obyektlarining noqonuniy savdosiga qarshi kurashni kuchaytirishga xizmat qiladi.



