Sirdaryoda tabiatga 500 million so‘mdan ortiq zarar yetkazildi
2026-03-12 18:00:00 / Yangiliklar

Reyd davomida huquqbuzarlar Sh. J. va S. X. tomonidan Sayxunobod tumani "Farovon" MFY hududida "Sho‘razak" zovuridan noqonuniy ov quroli, ya'ni elektr qarmoq yordamida 46 dona baliq ovlanganligi aniqlandi.
Holat yuzasidan tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilib, noqonuniy ovlangan baliqlar hamda ov qurollari, xususan, 1 dona rezina qayiq, 1 juft eshkak, 1 dona akkumulyator, 1 dona nasos va 1 dona elektr qarmoq holatga huquqiy baho berilgunga qadar olib qo‘yildi.
Huquqbuzarlik natijasida "Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida"gi, "Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida"gi hamda "Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida"gi qonunlar talablari buzilgan. Natijada tabiatga 519 million 120 ming so‘m zarar yetkazilgan.
To‘plangan hujjatlar holatga huquqiy baho berish va tegishli chora ko‘rish maqsadida Sirdaryo viloyat prokuraturasiga yuborildi.
Ma'lumot uchun, 11-martdan 31-maygacha Amudaryo va Sirdaryoda, 26-apreldan 10-iyungacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi tabiiy suv havzalarida baliq ovlashga taqiq qo‘yildi. Shuningdek, boshqa barcha tabiiy suv havzalarida 16-apreldan 31-maygacha baliq ovlash taqiqlandi.
