O‘zbekiston bo‘ylab obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tadbirlari o‘tkaziladi
2026-03-12 15:00:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "2026-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida"gi Qaroriga ko‘ra yurtimizda Navro‘z umumxalq bayrami keng miqyosda nishonlanadi. Shu munosabat bilan bayram arafasida barcha hududlarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tadbirlari bo‘lib o‘tadi.

Xususan, 13–14-mart kunlari umumxalq xayriya hashari tashkil etiladi. Hashar doirasida respublikaning barcha hududlari, ko‘cha va maydonlar, mahalla, tuman va shaharlar chiqindilardan tozalanadi. Daraxtlar parvarishiga alohida e'tibor qaratiladi.
Qolaversa, "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida "Men ham ko‘chat ekaman" aksiyasi tashkil etiladi va barcha belgilangan hududlarda daraxt va buta ko‘chatlari o‘tqaziladi.
Qadrli yurtdoshlar! Barchangizni ushbu tadbirlarda faol ishtirok etishga chaqiramiz. Yurtimiz obodligi, yashillik darajasining yanada oshishiga o'z hissangizni qo‘shing!



