"Toza joyda baraka bo‘ladi. Kasbimdan faxrlanaman"!
2026-03-12 12:40:00 / Yangiliklar

Qahramonimiz halol mehnati ortidan 3 nafar qizni tarbiyalab voyaga yetkazmoqda. U har kuni tong sahardan atrof-muhit tozaligini saqlash uchun ishga otlanadi, vazifasini sidqidildan bajaradi, mehnatidan aslo og‘rinmaydi, halol mehnati ortidan farzandlarini tarbiyalab, ilmli qilib kelmoqda.
Afsuski, oramizda duch kelgan joyga chiqindi tashlab ketadiganlar uchrab turadi. Aziza opaning ana shunday insonlarning tabiatga mehrsizligi, o‘zi kabilarning mehnatini qadrlamasligidan ko‘ngli og‘riydi:
"Chiqindilarni ko‘chaga tashlab ketishadi, suv idishlarini, tamaki mahsulotlarini yo‘lning o‘rtasiga uloqtiradiganlar bor. Reklamalar yopishtirib ketishadi. Biz esa har bitta reklamani o‘chirib, suv bilan artib, tozalab chiqamiz. Ishimizdan og‘rinmaymiz, ammo qishning sovuq kunlarida bu kabi holatlar bizni biroz qiynab qo‘yadi".
Afsuski, ba'zida ko‘chalarda obodonlashtirish xodimlari libosidagi tilanchilar ham uchrab qoladi. Aziza opa ularga murojaat qilib, tozalik posbonlarining sha'niga dog‘ tushirmasliklarini so‘radi:
"Tilanchilik qilib yuradiganlar biz emas, tilanchilikni o‘zimiz ham yomon ko‘ramiz. Bolalarimizga halol rizq yediramiz".
Qahramonimiz savobli va mashaqqatli mehnatining qadriga yetadiganlar ham ko‘pligini, unga savobli mehnati uchun rahmat aytishganida kasbidan yana bir bor faxrlanishini o‘zgacha zavq bilan tilga oldi.
"Toza joyda baraka bo‘ladi. Ko‘chadan o‘tayotganlar umringdan baraka top, yer yuzini ochyapsan, Yaratgan sening yuzingni yorug‘ qilsin, deb duo qilishadi. Ishimizni qadrlaydiganlar ham bor", — deydi Aziza opa.
Qahramonimiz ayni damda qizlarining o‘qishiga katta e'tibor qaratgan. U avvallari o‘qish uchun sharoit bo‘lmaganligini, hozir esa barcha imkoniyatlar yaratib berilayotganligini ta'kidladi:
"Imkoniyat bo‘lganida o‘zimiz o‘qir edik. Hozir esa barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Ekologiya qo‘mitasi tomonidan qizimning kontrakti to‘lab berilganligi ham biz uchun katta yordam bo‘ldi".
Aziza Madiyorova bugungi tinch, osuda, barakali hayoti uchun shukrona keltiradi. U faqat bir narsani — duch kelgan joyga chiqindi tashlamaslik, atrof-muhitni ifloslantirmaslikni, o‘zi kabi boshqa tozalik posbonlarining mehnatini qadrlashlarini xohlaydi.
Darhaqiqat, ko‘cha-ko‘yda duch kelgan joyga chiqindi tashlaymiz-u, uni onamiz, opamiz yoki singlimiz tenggi ayollar qishning sovug‘iyu yoz jaziramasiga qaramay tozalashi haqida o‘ylab ham ko‘rmaymiz. Shunday ekan, Aziza Madiyorova kabi tozalik posbonlari mehnatini qadrlaylik, chiqindilarni belgilangan joylarga tashlab, atrof-muhitni ozoda saqlashga o‘z hissamizni qo‘shaylik.


