Ekologik barqarorlikni ta'minlashda O‘zbekiston — Yaponiya hamkorligini kengaytirishga e’tibor qaratildi
2026-03-12 10:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda O‘zbekistonning atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi tajribasi va yondashuvlari, shuningdek, Yaponiyaning xalqaro ekologik hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslari taqdim etildi. Qolaversa, O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyati, biznes imkoniyatlari va O‘zbekiston–Yaponiya hamkorligini kengaytirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
"Oldimizga qo‘yilgan vazifalarni bajarishda innovatsion texnologiyalarni joriy etish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish muhim hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, ekologik texnologiyalar sohasida dunyoning yetakchi davlatlaridan biri bo‘lgan Yaponiya bilan hamkorlik biz uchun alohida ahamiyat kasb etadi. 2022-yilda imzolangan hamkorlik memorandumi hamda 2025-yilda Tokioda o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” sammiti ushbu yo‘nalishda yangi istiqbollarni ochib berdi. Ishonchim komilki, bugungi forum ikki mamlakat o‘rtasida ilg‘or texnologiyalar almashinuvi, yangi investitsiya loyihalari va biznes hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam platforma bo‘lib xizmat qiladi", — dedi J. Kazbekov.
Tadbir davomida ikki mamlakat davlat tuzilmalari va kompaniyalari vakillari ekologik kun tartibining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha loyihalar va texnologik yechimlarni taqdim etdi. Xususan, havo va suv resurslari sifatini monitoring qilish va boshqarish, chiqindilarni boshqarishning zamonaviy tizimini rivojlantirish, shuningdek, iqlim o‘zgarishi sohasidagi tashabbuslarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
"O‘z davrida Yaponiyadagi iqtisodiy rivojlanish, sanoatlashuv mamlakat ekologiyasiga salbiy ta'sir ko‘rsatgan va biz bu muammolarni bartaraf qilishga erishdik. Bugungi kunda O‘zbekistonda ham sanoatlashuv, rivojlanish jarayoni ketmoqda va bu atrof-muhit borasida muammolar keltirib chiqarishi tabiiy. Bizning hamkorligimiz ana shu salbiy ta'sirlarning oldini olishga qaratilgan. Mazkur forum bu borada munosib ko‘prik vazifasini bajarishiga ishonaman", — dedi Yaponiya atrof-muhit vaziri o‘rinbosari Doi Kentaro.
Forum O‘zbekiston delegatsiyasi va yapon kompaniyalari vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan ikki tomonlama uchrashuvlar bilan yakunlandi. Ushbu uchrashuvlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, qo‘shma loyihalarni muhokama qilish va ishbilarmonlikni kengaytirishga qaratildi.
Mazkur forum O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida ekologik hamkorlikni mustahkamlash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va mintaqada ekologik barqarorligini oshirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.









