O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida Mintaqaviy ekologik sammitga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi
2026-03-10 16:45:00 / Yangiliklar

soon
Videomuloqot davomida tomonlar Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan Mintaqaviy ekologik sammitda ishtirok etishga tayyorgarlik masalalarini muhokama qildilar. Asosiy ekologik masalalar bo‘yicha ikki davlat pozitsiyalarini muvofiqlashtirish, kun tartibidagi ustuvor mavzularni belgilash hamda bo‘lajak tadbir doirasida taqdim etilishi mumkin bo‘lgan qo‘shma tashabbuslar va bayonotlarga alohida e’tibor qaratildi.
Muzokaralarning alohida mavzularidan biri o‘rmon xo‘jaligini boshqarish sohasidagi hamkorlik bo‘ldi. Tomonlar o‘rmon resurslarini barqaror boshqarish, qo‘shma loyihalar va dasturlarni amalga oshirish, shuningdek, ikki davlatning tegishli tuzilmalari o‘rtasida ilmiy-texnik hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha tajriba almashish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
Uchrashuv davomida sayg‘oqlarni muhofaza qilish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum loyihasi ham muhokama qilindi. Muzokara ishtirokchilari ushbu noyob tur populyatsiyasini asrash bo‘yicha qo‘shma choralarni muvofiqlashtirish hamda tegishli hujjatni imzolash uchun zarur bo‘lgan keyingi qadamlarni belgilash masalalariga e’tibor qaratdilar.
Tomonlar atmosfera havosi sifati masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar. Xususan, monitoringning so‘nggi ma’lumotlari, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va ekologik loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari, shuningdek, havo sifatini yaxshilash bo‘yicha davlatlararo koalitsiya tuzish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, 2022-yil 22-dekabrda imzolangan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hukumatlararo hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni amalga oshirish bo‘yicha amaliy qadamlar muhokama qilindi. Ushbu hujjat doirasida O‘zbekiston — Qozog‘iston qo‘shma komissiyasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash hamda uning tarkibini taqdim etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Beybut Atamqulov bilan uchrashuv chog‘ida ham yaqinlashib kelayotgan xalqaro tadbirlar, jumladan, Ostona shahrida o‘tkaziladigan Mintaqaviy ekologik sammit, shuningdek, Samarqandda rejalashtirilgan Global ekologik fondning VIII Assambleyasi va Eco Expo 2026 xalqaro ko‘rgazmasi doirasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, atmosfera havosining ifloslanish darajasini kamaytirish, jumladan, ayrim sanoat korxonalari va issiqxona xo‘jaliklarini boshqa hududlarga ko‘chirish imkoniyatlari, transchegaraviy qo‘riqlanadigan tabiiy hududlarni rivojlantirish hamda sayg‘oq populyatsiyasini saqlash bo‘yicha qo‘shma choralar yuzasidan ham fikr almashildi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida ekologiya sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash umumiy ekologik muammolarni samarali hal etish va mintaqaning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.









