“Yashil makon” loyihasi davom etmoqda
2026-03-06 17:30:00 / Yangiliklar

Navbatdagi daraxt ekish tadbiri Buxoro viloyati Kogon tumanida bo‘lib o‘tdi. Unda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov, Buxoro viloyati ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi boshlig‘i Jasurbek Abdullayev, Kogon tumani hokimi Otabek Qozoqov, shuningdek, viloyat Ekologik partiya vakillari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida A-380 xalqaro avtomobil yo‘li bo‘ylab manzarali va ekologik jihatdan foydali daraxtlar — yasin, katalpa va qayrag‘och ko‘chatlari ekildi. Yangi ekilgan daraxtlar yo‘l bo‘yidagi yashil hududlarni kengaytirish, chang va shovqin darajasini kamaytirish, shuningdek, haydovchilar va yo‘lovchilar uchun yanada qulay ekologik muhit yaratishga xizmat qiladi.
Loyiha doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar ekologik holatni yaxshilash va atmosfera havosining tozaligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, korxona va tashkilotlar hududlarida, mahallalarda hamda xonadonlarda daraxt ekish ishlarini tartibli ravishda tashkil etish zarurligi qayd etildi.
Ma’lumot uchun, bahorgi mavsumda Buxoro viloyatida “Yashil makon” loyihasi doirasida 5 million 948 ming tup daraxt ko‘chati ekish ko’zda tutilgan. Bundan tashqari, Kogon tumanida sanoat korxonalari atrofida yashil himoya belbog‘lari yaratish maqsadida 21 ming tup daraxt va buta ekish rejalashtirilgan.



