Jamoatchilik kengashida NNT loyihalari ko‘rib chiqildi
2026-03-03 17:00:00 / Yangiliklar

Yig‘ilishni ochib bergan Ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov fuqarolik jamiyati institutlarining ekologik siyosatni shakllantirish va amalga oshirishdagi o‘rni ortib borayotgani, shuningdek, davlat dasturlari ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
Kun tartibidagi asosiy masalalardan biri sifatida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish jarayoni muhokama qilindi. Hududlar kesimida daraxt ekish ko‘rsatkichlari, ularning yashab ketishini ta’minlash choralari va monitoring tizimi bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi. Kengash a’zolari yashil hududlar maydoni bo‘yicha aniq hududiy indikatorlar ishlab chiqish, hududlar ochiq reytingini joriy etish, jamoatchilik monitoringini kuchaytirish va hisobotlarni raqamlashtirish, shuningdek, yashil hududlarni parvarishlash ko‘rsatkichlarini inobatga olish zarurligini ta’kidladilar.
Qolaversa, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar faoliyati, jumladan, qo‘riqxonalar va milliy bog‘lar holati, bioxilma-xillikni muhofaza qilish va transchegaraviy hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi. Kengash a’zolari tomonidan ilmiy ekspeditsiyalarni faollashtirish, transchegaraviy hududlarda ko‘chib yuruvchi hayvonlarni hisobga olishni tashkil etish, ekologik koridorlarni shakllantirishni jadallashtirish, xodimlar uchun muntazam treninglar o‘tkazish hamda Fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda yagona raqamli ma’lumotlar bazasini yaratish tavsiya etildi.
Bundan tashqari, nodavlat-notijorat tashkilotlari (NNT) loyihalariga alohida e’tibor qaratildi. Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida aholining huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan “Madad” loyihasi o‘quv seminarlarini o‘tkazish, metodik materiallar ishlab chiqish va bepul yuridik yordam ko‘rsatishni nazarda tutadi. Loyiha samaradorlik indikatorlarini aniqlashtirish va budjet asoslanishini batafsil ishlab chiqish zarurligi yuzasidan bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda takomillashtirish uchun yo‘naltirildi.
Shu bilan birga, “Qalb ekologiyasi — Экология души” NNTning “Toza mahalla – barqaror jamiyat” tashabbusi ham ko‘rib chiqildi. U Zangiota tumanidagi “Bog‘zor” mahallasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Loyiha chiqindilarni yig‘ish va saralash stansiyasini tashkil etish, hududni obodonlashtirish, daraxt ekish va targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazishni nazarda tutadi. Kengash a’zolari loyihaning barqarorlik qismi va iqtisodiy jihatlarini yanada takomilllashtirish zarurligini qayd etdilar.
Yig‘ilish davomida Jamoatchilik kengashining yillik ish rejasini ishlab chiqish, tarkibiy bo‘linmalar hisobotlarini muntazam eshitish hamda rasmiy veb-saytda bayonnomalar va tavsiyalarni e’lon qilish orqali axborot ochiqligini oshirish muhimligi ham ta’kidlandi.








