“Butunjahon yovvoyi tabiat kuni” munosabati bilan "Eko-kvest" o‘tkazildi
2026-03-03 16:15:00 / Yangiliklar

Ta'kidlash joizki, "Eko-kvest" o‘yinlari respublikaning barcha hududlarida o‘tkazildi. Unda jami 2000 ga yaqin ekofaol yoshlar ishtirok etdi.
Toshkent hayvonot bog‘idagi tadbirda 100 dan ortiq ishtirokchi turli shartlar bo‘yicha o‘z bilim va topqirligini sinovdan o‘tkazishdi. Shuningdek, atrof-muhitni, o‘simliklar, yovvoyi hayvonlar, qushlarga g‘amxo‘rlik qilish, yoshlarning bu boradagi ekologik madaniyatini oshirishga alohida e'tibor qaratildi. Bundan tashqari, ishtirokchilar tomonidan yovvoyi fauna vakillariga ozuqalar tarqatildi.
Ma'lumot uchun, 2013-yil 20-dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi keng jamoatchilikning yovvoyi hayvonot va oʻsimlik dunyosi haqida xabardorligini oshirish maqsadida 3-martni "Butunjahon yovvoyi tabiat kuni" deb eʼlon qildi. Bu yilgi mavzu "Dorivor va xushbo‘y o‘simliklar: salomatlik, meros va tirikchilik manbalarini asrash" bo‘lib, o‘simliklarning tibbiyot, madaniyat va millionlab insonlar hayotidagi o‘rni, shuningdek, yashash muhitining yo‘qolishi, me’yoridan ortiq yig‘ib olinishi hamda iqlim o‘zgarishi sababli yuzaga kelayotgan tahdidlarga e'tibor qaratilgan.









