Atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirgan sanoat korxonalari rag‘batlantiriladi
2026-03-03 10:30:00 / Yangiliklar

Nizomga ko‘ra, 1-bosqichda atmosfera havosi ifloslanishi fon monitoringi stansiyasini (monitoring stansiyasi) o‘rnatgan sanoat korxonasiga quyidagi imtiyozlar beriladi:
— tabiatga zarar yetkazish bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlaridan shakllangan qarzdorlikdan voz kechiladi;
— tabiatga zarar yetkazish bo‘yicha respublika budjetiga yo‘naltiriladigan kompensatsiya to‘lovlarining 50 foizi 2 yil davomida qaytariladi.
2-bosqichda esa monitoring stansiyasini o‘rnatgan sanoat korxonasi kelgusi 1 yil davomida chang-gaz va lokal oqova suv tozalash uskunalarini o‘rnatganda, tabiatga zarar yetkazish bo‘yicha respublika budjetiga yo‘naltiriladigan kompensatsiya to‘lovlarining 70 foizi 2 yil davomida qaytariladi.
Nizomga ko‘ra, sanoat korxonasi monitoring stansiyasi, chang-gaz va (yoki) lokal oqova suv tozalash uskunasini o‘rnatgani to‘g‘risida Davlat xizmatlari markazlari yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali Ekologiya qo‘mitasiga xabarnoma yuboradi. Xabarnoma va unga ilova qilingan hujjatlar Ekologiya qo‘mitasi tomonidan xabarnoma kelib tushgan kundan boshlab 15 ish kunidan oshmagan muddatda ko‘rib chiqiladi. O‘rganib chiqish natijasi bo‘yicha sanoat korxonasini rag‘batlantirish to‘g‘risida Ekologiya qo‘mitasining xulosasi rasmiylashtiriladi.
