Yangilangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga bag'ishlangan matbuot anjumani o'tkazildi
2026-02-20 19:00:00 / Matbuot anjumanlari

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda vazirlik va idoralar rahbar va masʼul xodimlari, nodavlat tashkilotlari ekspertlari, jamoatchilik muhokamasida faollik ko‘rsatgan fuqarolar, ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar ishtirok etdi.
Anjumanda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov, Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Abdulla Abduqodirov, Adliya vaziri Akbar Toshqulov, Sogʻliqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri oʻrinbosari Oʻktam Salomov, Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Iskandar Qutbiddinov, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov ishtirok etdilar.
Matbuot anjumanida taʼkidlanganidek, Prezidentimizning 2026-yil 16-fevraldagi PF–21-son Farmoni “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini izchil amalga oshirishning mustahkam huquqiy poydevori boʻlib, milliy taraqqiyotning yangi bosqichini boshlab bergan tarixiy hujjatdir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Murojaatnomasiga muvofiq, strategiyaning takomillashtirilgan loyihasi uzbekistan2030.uz va regulation.gov.uz platformalarida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. 2025-yil 30 dekabrdan 2026-yil 28-yanvargacha – bir oy mobaynida 3 ming 564 ta fikr va takliflar kelib tushdi. Shundan 2 ming 153 tasi asosli taklif, 751 tasi takrorlanuvchi, 340 tasi maʼqullash maʼnosidagi fikrlar, 320 tasi tanqid va eʼtirozlardan iborat.
Jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha keng ko‘lamda ish olib borildi. Adliya vazirligi va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan aholining fikr-mulohazalari har kuni to‘planib, sohalar bo‘yicha taqsimlandi. Barcha takliflar Strategik rivojlanish va islohotlar agentligida ko‘rib chiqildi tegishliliga bo‘yicha vazirlik va idoralar hamkorligida takshil etilgan ishchi guruhga muntazam yuboriib turildi.
O‘rganish natijalari bo‘yicha quyidagilarni qayd etish joiz:
Birinchidan, yuborilgan 2 ming 153 ta asosli taklif ular tegishli bo‘lgan vazirlik va idoralarning mutasaddilari bilan muhokama qilindi. Mamlakatimiz uchun muhim hisoblangan va bajarish mumkin bo‘lgan real takliflar inobatga olindi. Ular mutaxassislar bilan qayta ishlanib, aniq KPIlarga aylantirildi.
Ikkinchidan, Strategiya bo‘yicha kengroq va erkin fikr almashish uchun fuqarolar bilan 3 ta ochiq muloqot tashkil etildi. Unda poytaxtimizdagi tashabbuskorlar bevosita, hududlardagi yurtdoshlarimiz videoaloqa orqali qatnashib, takliflarini mutasaddilar bilan muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldi.
Uchinchidan, soha mutaxassislarining fikrlari alohida eʼtiborga olindi. Muhokama portalida ham, ommaviy axborot vositalarida ham ko‘plab soha bilimdonlari Strategiya loyihasidagi kamchiliklarni ko‘rsatib berdi. Ular asosida vazirlik va idoralarga murojaat qilinib, qo‘shimcha ko‘rsatkichlar shakllantirildi. Shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar masʼullari ishtirokida “Taraqqiyot strategiyasi” markazida matbuot anjumanlari ham o‘tkazildi.
To‘rtinchidan, strategiya ishlab chiqish bo‘yicha xalqaro tajriba ham o‘rganildi. Masalan, BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan birgalikda o‘tkazilgan anjumanda UNDP, UNICEF, UNESCO, FAO, UNFPA, JSST, YEXHT, SHHT, Jahon banki kabi o‘nlab xalqaro tashkilotlardan 70 nafardan ziyod ekspert va elchilarning tavsiyalari olindi. Shuningdek, xorijdagi elchixonalarimizda va vatandoshlarimiz orasida muhokamalar o‘tkazildi.
Yakunda Strategiya loyihasi Oliy Majlis palatalari, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasida har tomonlama ko‘rib chiqildi.
2026-yil 16-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi. Mazkur farmon bilan 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi tasdiqlandi.
Strategiyada 100 ta maqsad va ularga erishish bo‘yicha 437 ta samaradorlik ko‘rsatkichi belgilangan (avvalgisida 444 ta). Shundan 102 ta ko‘rsatkich o‘zgarishsiz qoldirilgan, 95 tasi yangi tahrirda berilgan, 240 ta yangi ko‘rsatkich kiritilgan.
Umuman aytganda, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatimizning o‘rta muddatga mo‘ljallangan taraqqiyot yo‘lini belgilab berdi. U xalqimizni umumiy maqsad atrofida jipslashtirib, har bir inson hayotida namoyon bo‘ladi.
Matbuot anjumanida so'zga chiqqanlar “O‘zbekiston-2030” strategiyasida tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlarini batafsil tahlil qilib berishdi.
Matbuot anjumani yakunida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga tengishli vazirliklar masʼullari javob qaytardi.


