Inson ekologiyasi va milliy suv resurslarini asrashga oid strategiya taqdim etildi
2026-02-19 19:30:00 / Yangiliklar

Tadbirda M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining “Iqtisodiy va moliyaviy strategiyalar” kafedrasi professorlari ishtirok etdi. Delegatsiyaga MDU akademigi, taniqli olim, iqtisod fanlari doktori, siyosiy iqtisod professori, Rossiya Fanlar akademiyasining xorijiy a’zosi Vladimir Lvovich Kvint boshchilik qildi.
Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov ushbu hamkorlikning mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini rivojlantirish va iqlim masalalarini hal etishdagi ahamiyatini alohida ta’kidladi. Uchrashuv davomida Aziz Abduhakimov Vladimir Lvovich Kvintni “Tabiat himoyachisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirladi.
Tadbir davomida Strategiyani ishlab chiqishning birinchi bosqichi — strategiyalash metodologiyasi taqdim etildi. Unda global, mintaqaviy va milliy trendlarni tahlil qilish, missiya, tasavvur, shior hamda strategik ustuvor yo‘nalishlar konturlarini shakllantirish masalalari qamrab olindi. Strategiyani bosqichma-bosqich amalga oshirish konsepsiyasi, “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish va resurs ta’minoti mexanizmlarini belgilashga alohida e’tibor qaratildi. Taqdimotda ta’kidlanganidek, Strategiya missiyasi tabiiy resurslarga mas’uliyatli munosabatni shakllantirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish sohasida davlat, biznes va jamiyat sa’y-harakatlarini birlashtirish, shuningdek, O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi ekologik yetakchiligini ilgari surishga qaratilgan.
Shuningdek, inson ekologiyasi, suvni tayyorlashning innovatsion texnologiyalari, suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish, sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish, energiya balansining “yashil” transformatsiyasi, ekologik madaniyatni mustahkamlash va kadrlar tayyorlashni qamrab oluvchi asosiy strategik yo‘nalishlar va ustuvor vazifalar taqdim etildi.
Taqdimot davomida ekspertlar guruhi Milliy strategiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalarni chuqur muhokama qildi. Shuningdek, suv resurslaridan samarali foydalanish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va uzoq muddatli rivojlanish maqsadlariga erishish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Ta’kidlash joizki, joriy yilning 18–22-fevral kunlari akademik V.L. Kvint va u boshchilik qilayotgan ekspertlar guruhining Toshkent shahriga tashrifi davom etmoqda. Tashrif doirasida qator uchrashuvlar, muhokamalar va qo‘shma tadbirlar rejalashtirilgan.
Mazkur Milliy strategiya suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda mamlakatimizning ekologik barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan.









