Ostonada Mintaqaviy ekologik sammitga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi
2026-02-17 16:30:00 / Yangiliklar

UNICEF koʻmagida tashkil etilgan tadbirda Markaziy Osiyo mamlakatlarining tegishli vazirliklari vakillari, xususan, Qozogʻiston Ekologiya va tabiiy resurslar vaziri Yerlan Nysanbayev hamda Maorif vazirligining birinchi vitse-vaziri Меrеkе Meldebekova, shuningdek, xalqaro tashkilotlar hamda ekspertlar hamjamiyati vakillari ishtirok etdi.
Asosiy e’tibor RES–2026 sammitiga tayyorgarlik ishlari va ekologik barqaror ta’lim tizimlarini shakllantirishga qaratilgan “Yashil maktab” mintaqaviy platformasini ilgari surishga qaratildi. Mamlakatlar yangilangan ONUV 3.0 (Milliy miqyosda belgilangan hissalar) doirasida ta’lim va bolalar huquqlarini himoya qilish yoʻnalishidagi milliy ustuvor vazifalarni, shuningdek, “Yashil maktab” yondashuvini amalga oshirish boʻyicha eng yaxshi tajribalarini taqdim etdilar.
O. Qudratov muvofiqlashtirilgan mintaqaviy yondashuvlarni ishlab chiqishning strategik ahamiyatini ta’kidlab, 2022-yilda qabul qilingan Bolalar, yoshlar va iqlim harakatlari toʻgʻrisidagi deklaratsiya muhimligini qayd etdi. U Oʻzbekistonda barqaror rivojlanish madaniyatini ilgari surish va yoshlarni iqlim kun tartibiga jalb etish boʻyicha Milliy strategiya qabul qilinganini ma’lum qildi.
"Green University" rektori Baxtiyor Pulatov yangilangan "ONUV 3.0"da Oʻzbekiston tarixida ilk bor bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga bagʻishlangan alohida boʻlim ajratilganini ta’kidladi. Shuningdek, "ONUV 3.0"ni amalga oshirish boʻyicha Yoʻl xaritasini ishlab chiqishda UNICEF bilan hamkorlik qilinayotgani qayd etildi.
Tashrif doirasida Yerlan Nysanbayev bilan uchrashuv oʻtkazildi. Unda saygʻoq populyatsiyasini saqlash masalalari, jumladan, 500 bosh saygʻoqni Oʻzbekistonga oʻtkazish tashabbusi muhokama qilindi. Shuningdek, chegaradosh hududlarda atmosfera havosi ifloslanishi muammolari va ekologik xatarlarni kamaytirish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish masalalari koʻrib chiqildi.
Delegatsiya EXPO koʻrgazma markazi va kongress-markazga tashrif buyurdi. U yerda RES–2026 tadbirlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Xalqaro koʻrgazmani tashkil etish, sayd-iventlar va mavzuli sessiyalar formatlari, “C5+1” formatini ilgari surish, shuningdek, logistika, akkreditatsiya va protokol muvofiqlashtiruvi masalalari muhokama qilindi. Mintaqa mamlakatlarining milliy ustuvor yoʻnalishlarini aks ettiruvchi “Daraxt” art-installyatsiyalarini yaratish masalasi ham alohida koʻrib chiqildi.
Uchrashuvlar yakunida tomonlar keyingi hamkorlikka tayyor ekanliklarini tasdiqladilar hamda 2026-yilgi Mintaqaviy ekologik sammitga tayyorgarlik boʻyicha ustuvor qadamlarni kelishib oldilar.



