Saksovulni noqonuniy qo‘porib, sotmoqchi bo‘lgan huquqbuzarga chora ko‘rildi
2026-02-11 10:45:00 / Yangiliklar
Navoiy viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi Tomdi tuman bo‘limi tomonidan navbatdagi tungi tezkor reyd tadbiri o‘tkazildi. Reyd davomida tumanning “Ayaquduq” OFY hududida ekologik qonunbuzarlik holati aniqlandi.

Tekshiruv jarayonida fuqaro J.A.ga tegishli davlat raqam belgilarisiz “Gaz-53” rusumli yuk avtomashinasi yukxonasida jami 5 kub metr saksovul butalari borligi maʼlum bo‘ldi. Ushbu saksovullar "tadbirkor" tomonidan noqonuniy ravishda qo‘porib olinib, sotish maqsadida olib ketilayotgan bo‘lgan.
Holat yuzasidan huqubuzarga nisbatan MJtKning 79-moddasi 1-qismi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari miqdorida (10 mln 300 ming so‘m) jarima hamda tabiatga yetkazilgan 29 mln so‘m zarar hisoblandi. Huquqbuzardan jarima va zarar undirilishi belgilandi. Saksovullar esa kam ta'minlangan oilalarga beminnat tarqatildi.
Reyd tadbirlari davom ettirilmoqda.
