Qushlarni muhofaza qilishga qaratilgan aksiyada faol ishtirok eting!
2026-01-30 15:15:00 / Yangiliklar

Aksiya davomida sovuq havoda qushlarning ozuqa topishini osonlashtirish maqsadida belgilangan hududlarda ozuqalar qo‘yib chiqiladi, qushlar uchun inlar yasaladi va boshqa tashabbuslar amalga oshiriladi.
Bu kun tarixi 1890–1891-yillarga borib taqaladi. O‘sha yillari Yevropada qish juda sovuq keladi, mashhur Sena va Temza daryolari muzlaydi. Ingliz nashrlarida esa insonlardan qushlarni boqib olish, parvarishlash so‘ralgan e’lonlar chop etiladi. Bora-bora Angliyada har yili qish faslida qushlarni oziqlantirish odat tusiga kiradi. Ko‘p o‘tmay qushlarni boqish butun dunyoda an’anaga aylanadi. 1984-yilda Xalqaro qushlarni oziqlantirish oyligi bo‘lib o‘tadi va 1994-yilda 3-fevral Xalqaro qushlarni oziqlantirish kuni deb e’lon qilinadi.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda yurtimizda jami 487 turdagi qushlar mavjud. Bularning 50 turi Qizil kitobga kiritilgan, ya’ni noyob qushlar hisoblanadi. Qushlarning 320 turi (67,2 foizi) esa migratsiyada ishtirok etadi.
Hurmatli yurtdoshlar! “Qishda qushlarga ko‘mak” aksiyasida faol ishtirok eting! Ona tabiatga, bioxilma-xillikning ajralmas qismi bo‘lgan fauna vakillariga g‘amxo‘rlik ko‘rsating va ekologik barqarorlikni asrashga o‘z hissangizni qo‘shing!







