O’zbekistonda badminton sporti rivojlanib borayotganligi e’tirof etildi
2026-01-27 10:00:00 / Yangiliklar

Tashrif davomida janob Kim Jong Su badminton sport inshootini koʻzdan kechirdi, bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, oʻzbekistonlik yosh badmintonchilar, Oʻzbekiston badminton terma jamoasi aʼzolari va murabbiylar bilan uchrashdi. Uchrashuv doirasida mahoratli yosh badmintonchilar va terma jamoa aʼzolari mahoratini namoyish etishdi.
Kim Jong Su 2025-yil sentabr oyida Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan badminton sport turi boʻyicha Markaziy Osiyo chempionati aʼlo darajada oʻtkazilganligini taʼkidladi.
Maʼlumot uchun, 15–23-sentabrda oʻtkazilgan chempionatda 7 davlat — Oʻzbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Eron va Moʻgʻulistondan sportchilar ishtirok etishdi. Unda Oʻzbekiston badmintonchilari ham munosib ishtirok etib, yurtimizda ushbu sport turi tobora rivojlanayotganligini va bu borada iqtidorli sportchilar soni ortib borayotganligini isbotlashdi.
Oʻz navbatida Oʻzbekiston badminton federatsiyasi raisi hamda Osiyo badminton federatsiyasi Prezidenti oʻrtasida kelishuv imzolanganligini ham qayd etish joiz. Ushbu kelishuv tomonlar oʻrtasida badmintonni tizimli rivojlantirish, meʼyoriy-huquqiy va institutsional bazani takomillashtirish, sportchilar, murabbiylar va mutaxassislarni tayyorlash tizimini yangilash, sport infratuzilmasini rivojlantirish hamda Oʻzbekistonning milliy badminton tizimini xalqaro sport maydoniga integratsiya qilishga qaratilgan.
Shartnoma quyidagi hamkorliklarni oʻz ichiga oladi: — har bir hududda kamida bitta badmintonga ixtisoslashgan sport maktabini tanlab, namunaviy rivojlanish tizimini joriy etish; — Milliy federatsiya hujjatlarini Xalqaro federatsiya talablariga moslashtirish; — sportchilarni tayyorlash dasturlarini ommaviy sportdan professional darajagacha modernizatsiya qilish; — xorijiy murabbiy va ekspertlarni jalb etish, mahalliy kadrlar malakasini oshirish; — tajriba almashish dasturlari va xalqaro hamkorlikni kengaytirish; — xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik boʻyicha kompleks dasturlarni amalga oshirish; — sportchilar va mutaxassislarni xalqaro yigʻinlar va musobaqalarda ishtirokini taʼminlash (kvotalar ajratish orqali); — Oʻzbekiston hududida xalqaro badminton musobaqalarini tashkil etish; — grantlar, investitsiyalar va boshqa moliyaviy manbalarni jalb qilish.
Tashrif davomida badminton federatsiyalari rahbarlari hamda sportchilar do’stlik va birdamlik ramzi sifatida o’zaro bellashishdi. Yakunda kelgusida Oʻzbekistonda badminton boʻyicha xalqaro turnirlar oʻtkazish borasida kelishuvga erishildi.






