Xorazm viloyatida ham chiqindi xizmatlari uchun yagona to‘lov ta’riflari belgilandi
2024-05-24 15:45:00 / Yangiliklar
Bu davlatimiz rahbarining “Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va “Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish va aholi punktlarida tozalikni taʼminlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining “Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta'minlash maqsadida amalga oshirildi.
Yangi tarifga ko‘ra, belgilangan to‘lov Urganch shahri va Urganch tumanida jismoniy shaxslarga kishi boshiga 5 880 so‘m, yuridik shaxslarga esa 1 m³ uchun 80 640 so‘m (QQS bilan), Xiva shahri va viloyatning boshqa tumanlarida esa jismoniy shaxslarga 4 592 so‘m hamda yuridik shaxslar uchun 64 400 so‘m (QQS bilan)ni tashkil etadi.
Ta’kidlash joizki, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tashabbusiga ko‘ra Xalq deputatlari hududlar Kengashlarining tegishli sessiya qarorlari bilan belgilangan mazkur majburiy yagona tariflar sanitar tozalash korxonalari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratilishini taʼminlashga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, hozirda respublikamizning boshqa hududlarida ham qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun yagona to‘lov tariflarini belgilashga doir chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Avvalroq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Toshkent, Qarshi shaharlari va Toshkent, Buxoro, Namangan, Samarqand, Farg‘ona, Andijon, Jizzax, Sirdaryo, Surxondaryo viloyatlarida qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun yagona to‘lov tariflari belgilangan edi.