Ekota’lim: Maktab o’quvchilari bilan ekologiya mashg’ulotlari o’tkazilmoqda
2024-05-24 12:45:00 / Yangiliklar
Tadbirda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri oʻrinbosari J.Kazbekov, Maktab va maktabgacha taʼlim vaziri oʻrinbosari F.Boqiyev, “Nestle” kompaniyasi menejerlari Gedekli Ilayda va Manyakina Olga, “Yosh ekologlar harakati” Toshkent shahar raisi Y.Yoqubjonov, “Indigo” NNT rahbari P.Volkov, 31-umumiy oʻrta taʼlim maktabi direktori S.Semmari va o‘quvchilar, yosh ekofaollar ishtirok etishdi.
“Biologik xilma-xillik nafaqat yurtimizda, balki butun dunyoda muhim ahamiyatga ega. Tabiat resurslarini asrash esa barqaror ekotizimlar kafolati sifatida eng ustuvor vazifalarimizdan biri hisoblanadi. Bunda, albatta, siz yoshlarning o‘rningiz juda katta. Shuning uchun ham bugungi kunda yosh avlodda ekologik ong, madaniyat va mas’uliyatni yanada oshirish, yoshlarni tabiatga mehrli qilib tarbiyalashga katta e’tibor qaratilmoqda”, – dedi tadbirda nutq so‘zlagan J.Kazbekov.
J.Kazbekov, shuningdek, yoshlarni tabiatga befarq bo‘lmaslikka, ekologiya sohasidagi bilim va ko‘nikmalarni oshirishga, o‘simliklarga, hayvonlarga ozor bermaslikka chaqirdi.
“Sayyoramizning bir qismiga aylanamiz!” mavzusiga bag‘ishlangan tadbirda maxsus tayyorlangan moslamaga yongʻoq, akatsiya, yongʻoq daraxtlari urugʻlari ekildi. Oʻquvchilarga ushbu koʻchatlarni yetishtirish va parvarishlash borasida zarur tushunchalar berildi. Qolaversa, maktablarda yashil hududlarni yaratish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar, oʻquvchilar oʻrtasida sohaga oid madaniy tadbirlar tashkil etilayotgani ta'kidlandi. Bundan tashqari, chiqindilarning tabiatga zarari va uning oqibatlarini yumshatish, chiqindilarni qayta ishlash borasida qilinishi lozim boʻlgan asosiy vazifalarga bag‘ishlangan taqdimot namoyish etildi.
Tadbir davomida maktab oʻquvchilari oʻrtasida “Eko-zakovat” turniri ham tashkil qilindi. Intellektual bahsda 4 ta jamoa o‘zaro bellashib, ekologik bilimlarini sinovdan oʻtkazishdi. Yakunda “Yosh ekologlar” jamoasi gʻoliblikni qo‘lga kiritdi.
