Buxoroda noqonuniy ov hamda yo‘lbarssimon bo‘g‘ma ilon bilan bog’liq huquqbuzarliklar aniqlandi
2026-01-15 17:30:00 / Yangiliklar

Reyd davomida Buxoro viloyati Peshku tumani cho‘l hududidan 2 nafar shaxs tomonidan 8 dona kulrang g'oz hech qanday ruxsatnomasiz noqonuniy ovlanganligi aniqlandi. Holat yuzasidan huquqbuzarlarga 3 million 296 ming so‘m miqdorida hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar va bazaviy hisoblash miqdorining 50 barobari miqdorida jarima tayinlandi. Noqonuniy ovlangan g'ozlar olib qo'yilib, hujjatlar sud organlariga yuborildi.
Boshqa bir holatda Buxoro viloyati Buxoro shahar Markaziy bozori avtoturargohida fuqaro F.M. yo‘lbarssimon bo‘g‘ma ilon yordamida sirk tomoshasi o‘tkazayotganligi ma’lum bo‘ldi. Reyd davomida yo‘lbarssimon bo‘g‘ma ilonga tegishli bo‘lgan hech qanday hujjatlar mavjud emasligi hamda saqlash talablari buzilganligi aniqlanib, ilon fuqarodan tegishli tartibda olib qo‘yildi hamda veterinariya ko‘rigidan o‘tkazilib, vaqtinchalik saqlash maqsadida Somoniy bog'ida tashkil qilingan hayvonot bog‘iga joylashtirildi.
Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 5-noyabrdagi 736-sonli qaroriga muvofiq, 2025-yil 1-yanvardan boshlab jismoniy shaxslarga yovvoyi hayvonlarni yarim erkin sharoitda, sun’iy yaratilgan joylarda yoki tutqunlikda saqlash ta’qiqlangan. Shuningdek, ushbu hayvonlardan davlat va ko‘chma sirklarda tomoshalar uchun foydalanish mumkin emas.
Huquqbuzarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 92-prim 1-moddasi 1-qismi bilan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Shuningdek, ish yuzasidan to‘plangan hujjatlar tegishli chora ko‘rish maqsadida sud organlariga yuborildi.





