Aholini ro‘yxatga olish doirasida onlayn ro‘yxatdan o‘tish boshlandi
2026-01-15 14:30:00 / Yangiliklar

Ro‘yxatga olish 2 bosqichda amalga oshiriladi. 1-bosqichda (15–31-yanvar) 17 kun davomida fuqarolar census.stat.uz sayti orqali OneID tizimi yordamida onlayn ro‘yxatdan o‘tish imkoniga ega bo‘ladi. Bu qulay, tez va zamonaviy usul bo‘lib, uydan chiqmasdan ro‘yxatda qatnashish imkonini beradi.
2-bosqichda (4–28-fevral) esa “Mahalla yettiligi” a’zolari uyma-uy yurib, planshetlar orqali ro‘yxatga olish jarayonlarini amalga oshiradi. Bu bosqichda har bir xonadonga borilib, shaxsiy ma’lumotlar aniqlanadi.
Ta'kidlash joizki, nafaqat O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek, xorijda vaqtincha bo‘lib turgan yurtdoshlarimiz ham istalgan joyda yagona identifikatsiya tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tish imkoniyatiga ega.
📹 Onlayn ro‘yxatdan o‘tish tartibi bilan quyidagi videoqo‘llanma orqali tanishishingiz mumkin:
https://www.youtube.com/watch?v=emOwotRVK4c&t=224s
Onlayn ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar orasida qimmatbaho sovg‘alar ham o‘ynaladi. Bunda g‘oliblar tasodifiy tarzda tanlanadi.
Ro‘yxat natijalari davlatga aholining haqiqiy soni va tarkibi haqida aniq tasavvur beradi, yangi ish o‘rinlari, maktablar, shifoxonalar va infratuzilmalarni rejalashtirishda asos bo‘ladi hamda qishloq xo‘jaligidagi resurslarni to‘g‘ri taqsimlash imkonini yaratadi.
Qadrli yurtdoshlar! Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirida faol ishtirok eting!
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda tizim tashkilotlari xodimlari ham ushbu muhim tadbirda faol ishtirok etib, ro‘yxatdan o‘tishmoqda.
