Maxsus komissiya sanoat korxonalarida ekologik reydlar o‘tkazmoqda
2026-01-13 19:20:00 / Yangiliklar

Sergeli tumanida V. L. Galparin nomidagi Toshkent quvur zavodi faoliyati tekshirildi. Mazkur zavod payvandlangan quvurlar ishlab chiqaradi hamda atrof-muhitga yuqori darajada ta’sir ko‘rsatuvchi korxonalar toifasiga kiradi.
Yangihayot tumanidagi Janubiy sanoat zonasida “O‘zvtorsvetmet” AJ korxonasi faoliyati ham tekshirildi. Ushbu korxona ekologik xavfi yuqori bo‘lgan obyektlar sirasiga kiradi. Avvalroq, 2025-yil oktabr oyida bu yerda tekshiruv o‘tkazilib, uning yakunlariga ko‘ra majburiy ko‘rsatma berilgan edi.
Maxsus komissiya qarori hamda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan berilgan ko‘rsatmaga muvofiq, zavod boshqa hududga ko‘chirilmoqda hamda Yangihayot tumanida ishlab chiqarish faoliyatini to‘xtatmoqda. Eskirgan va ekologik jihatdan zararli eritish pechlari utilizatsiya qilinadi, korxona esa boshqa hududda texnologik jihatdan yanada takomillashgan uskunalarda o‘z faoliyatini davom ettiradi.
Ko‘rilgan choralar natijasida atmosferaga qariyb 226,7 tonna ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishining oldi olinib, bu Toshkent shahrining Yangihayot tumanida havo sifati sezilarli darajada yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, Janubiy sanoat zonasida “Ikkilamchi qora metallar” korxonasining Toshkent filiali faoliyati ham tekshirildi. Mazkur korxona metallolomni saralash va presslash bilan shug‘ullanadi hamda atrof-muhitga o‘rtacha darajada ta’sir ko‘rsatuvchi obyektlar qatoriga kiradi.
Tekshiruvlar yakuniga ko‘ra barcha korxonalarga ekologik me’yorlarga qat’iy rioya etish bo‘yicha qat’iy ko‘rsatmalar berildi. Toshkent shahrining sanoat zonalarida ekologik nazorat ishlari davom ettirilmoqda, aniqlangan qonunbuzarliklarni bartaraf etish esa alohida nazoratga olingan.



