Respublika ijodiy eko-plakatlar tanlovi yakunlari sarhisob qilindi
2024-05-17 16:35:00 / Yangiliklar

Brifingda O‘zbekistonda aprel oyi boshidan o‘tkazilgan tanlov natijalari e’lon qilindi va g‘oliblar taqdirlandi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Respublika ta’lim markazi va O‘zbekistondagi “Nestlé” kompaniyasi ko‘magida amalga oshirilayotgan “Salomatlik yo‘nalishlari” ta’lim dasturi doirasida tashkil etilgan tanlovda mamlakatimizning turli viloyatlaridan kichik maktab o‘quvchilari ishtirok etdi.
Ijodiy ishlar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Respublika ta’lim markazi vakillari, ekologiya faollari, shuningdek, “Nestlé” kompaniyasi vakillaridan iborat ekspert hakamlar hay’ati tomonidan tanlab olindi.
Tadbir ishtirokchilari nafaqat “yosh ekologlar”ning eng yaxshi ijodiy ishlari bilan tanishdilar, balki o‘sib kelayotgan avlod uchun ekologik ta’limni tashkil etishning zamonaviy yondashuvlarini ham muhokama qildilar. Shuningdek, “Salomatlik yo‘nalishlari” ta’lim dasturini amalga oshirish tajribasi bilan tanishdilar.
Dasturdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistondagi maktab o‘quvchilarini o‘z salomatligi va sayyoramiz salomatligi haqida qayg‘urishga o‘rgatishdir.
“Har qanday mamlakatning atrof-muhit muhofazasida aholi orasida ekologik madaniyatni oshirish va eko-ta’limni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda esa shu yo’nalishdagi chora-tadbirlarni bog‘cha, maktab yoshidan boshlash kerak bo’ladi, — dedi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o’zgarishi vazirining axborot siyosati masalalari bo’yicha maslahatchisi Lola Rahmanbayeva. — Bugungi “Sayyora salomatligi – mening salomatligim” bolalar rasm tanlovi ham aynan shu maqsadlar yo’lida xizmat qiladi. Fursatdan foydalanib, Ekologiya vazirligi jamoasi nomidan tabiatni asrash masalalariga befarq bo’lmagan tanlov ishtirokchilariga minnatdorlik bildiraman”.
“Salomatlik yo‘nalishlari” dasturi “Nestlé. Sog‘lom bolalar” global tashabbusining bir qismidir. Uning asosiy maqsadi 50 milliondan ortiq oilalarga sog‘lom va baxtli farzandlar tarbiyalashda yordam berishdan iborat. Dasturni o‘rganish orqali bolalar o‘zlarining sog‘lig‘iga va tabiatiga g‘amxo‘rlik qilishda foydali ko‘nikmalarni o‘rganadilar. Shu maqsadda dastur maxsus ekologik mavzularni o‘z ichiga oladi va ekologik tadbirlar o‘tkaziladi.
“Sayyora salomatligi = mening sog‘ligim” tanlovi o‘zbekistonlik yoshlarda faol qiziqish uyg‘otganidan mamnunmiz va bu bilan barqaror va farovon kelajak barpo etishga muhim hissa qo‘shayotganimizga ishonamiz”, – dedi “Nestlé” kompaniyasining Yevroosiyodagi ta’lim dasturlari rahbari Aleksandra Makeyeva.
Tanlov yakunlariga ko‘ra, Toshkent shahridagi 280-maktab, Andijon shahridagi 2-maktab va Buxoro shahridagi 17-maktab o‘quvchilari sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishdi. G‘olib va sovrindorlarga qimmatbaho va esdalik sovg‘alari topshirildi.









