Brakonyerlikka qarshi kurash: hududlarda bir qancha huquqbuzarliklar aniqlandi
2026-01-12 11:50:00 / Yangiliklar

Reyd davomida Qoraqalpog'iston Respublikasi Ellikqal'a tumani cho'l hududidan 2 nafar shaxs tomonidan 4 dona noqonuniy ov quroli yordamida 8 dona quyon va 1 dona bo'rsiq noqonuniy ovlanganligi aniqlandi. Holat yuzasidan tegishli hujjatlar asosida 4 dona ov quroli olib qo'yildi va Ichki ishlar organiga topshirildi.
Mazkur huquqbuzarlik noqonuniy ov quroli bilan bog'liq bo'lganligi sababli dastlabki to'plangan hujjatlar qonuniy chora ko'rish maqsadida tegishli organlarga yuborildi.
Yana bir holatda Qoraqalpog'iston Respublikasi To'rtko'l tumani cho'l hududida 4 nafar shaxs o'z boshqaruvida bo'lgan transport vositasiga baliq ovlashda taqiqlangan ov qurollarini ortib, ov qilishni rejalashtirganligi ma'lum bo'ldi. Huquqbuzarlik o'z vaqtida to'xtatildi. Huquqbuzarlarga nisbatan 32 mln 960 ming so'm miqdorida jarima tayinlandi.
Bundan tashqari, Xorazm va Buxoro viloyatlari cho'l hududidan 3 nafar shaxs saksovul o'simligini noqonuniy ravishda kesish, yig'ish va tashish bilan shug'ullangani ma'lum bo'ldi. Oqibatda o'simlik dunyosiga 141 mln 316 ming so'm miqdorida zarar yetkazilgan. Holat yuzasidan hozirda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Nazorat reyd tadbirlari davom ettirilmoqda.
