O‘zbekiston Milliy pavilyoni dizaynini ishlab chiqish bo‘yicha tanlov e’lon qilindi
2026-01-08 11:30:00 / Yangiliklar

Bo‘lajak pavilyon 100–120 m² maydonga ega bo‘lib, interaktiv va multimedia elementlari mavjud ko‘rgazma-taqdimot maydoni sifatida rejalashtirilgan. Uning asosiy vazifasi — O‘zbekistonning ekologik va iqlim kun tartibini, umummilliy loyihalarni, shuningdek, mamlakatning barqaror rivojlanish sohasidagi mintaqaviy va xalqaro hamkorlikka qo‘shayotgan hissasini namoyish etishdan iborat.
Texnik topshiriqqa muvofiq, pavilyon dizayni O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi iqlim va ekologik muammolarni hal etishga qaratilgan mintaqaviy yondashuvini, Orol dengizi fojiasi oqibatlarini bartaraf etish borasidagi sa’y-harakatlarni hamda BMT agentliklari bilan hamkorlikni aks ettirishi lozim. Konsepsiyada quyidagi loyihalarga bag‘ishlangan alohida tematik zonalar nazarda tutilishi kerak: “Chiqindilardan xoli hudud”, “Toza havo”, “Yashil makon”, “Ekologik madaniyat”, “Biomeros” hamda ekologik ta’lim ("Green University").
Pavilyonning funksionalligiga alohida e’tibor qaratiladi: asosiy g‘oya aks etgan kirish zonasi, ekspozitsiya va multimedia maydonlari, muzokaralar zonasi, shuningdek, hamkorlik va xalqaro tashabbuslar bloki bo‘lishi zarur. Dizayn zamonaviy, ekologik toza, xalqaro forumlar uslubiga mos hamda barqaror materiallardan foydalanishni nazarda tutishi kerak.
Tanlov 2026-yil 25-yanvargacha o‘tkaziladi.
Texnik topshiriq bilan batafsil havola orqali tanishish mumkin.
Arizalar +998 90 920 05 50 telefon raqami va abdullaev_davron@mail.ru elektron pochtasi orqali qabul qilinadi.
