"O‘zbekiston–2030": flora va faunani muhofaza qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar
2025-12-28 17:30:00 / Yangiliklar
Bu yo‘nalishdagi muhim qadam sifatida 2025-yil 16-sentyabrda Vazirlar Mahkamasining 588-sonli "Yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni yetishtirish bo‘yicha pitomniklar va plantatsiyalarni davlat hisobiga olish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Mazkur hujjat pitomniklar va plantatsiyalar faoliyatini tartibga solish, ularning ishida shaffoflikni oshirish hamda yagona davlat nazorati tizimini shakllantirishga qaratilgan. Shu bilan birga, biologik xilma-xillikni saqlash sohasida yana beshta normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilib, belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan.
Flora va faunani muhofaza qilish bilan bog‘liq obyektlarni inventarizatsiya qilish va hisobga olish bo‘yicha tizimli ishlar davom etmoqda. Respublikada faoliyat yuritayotgan 80 ta pitomnik reyestri yangilandi, shuningdek, 85 tur hayvon va 70 tur o‘simlik bo‘yicha davlat reyestri va kadastri shakllantirildi. Yashil fondni raqamlashtirish doirasida 605 mingta daraxt uchun elektron pasportlar tuzilib, maxsus platformaga kiritildi. Bu monitoring samaradorligini oshirish va boshqaruv qarorlarini qabul qilishni yaxshilash imkonini bermoqda.
Biologik xilma-xillikni saqlash va tiklash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar noyob turlarni tabiiy yashash muhitiga qaytarish ishlari bilan to‘ldirilmoqda. Qizil kitobga kiritilgan Houbara qushining 4 198 bosh individi, shuningdek, boshqa turlarga mansub 150 ta hayvon yovvoyi tabiatga qo‘yib yuborildi. Shu bilan birga, 25 ming gektar maydonda yovvoyi holda o‘suvchi dorivor o‘simliklarni yetishtirish bo‘yicha madaniy plantatsiyalar barpo etildi. Bu tabiiy ekotizimlarga tushayotgan antropogen bosimni kamaytirish va qimmatli o‘simlik turlarini saqlashga xizmat qilmoqda.
Xalqaro ekologik kun tartibidagi muhim voqea sifatida Samarqand shahrida Yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi toʻgʻrisidagi konvensiya (CITES) tomonlar konferensiyasining 20-yigʻilishi o‘tkazildi. Ushbu tadbir yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosini tartibga solish bo‘yicha global yondashuvlarni muhokama qilish maydoniga aylandi hamda O‘zbekistonning xalqaro tabiatni muhofaza qilish jarayonlaridagi rolini mustahkamladi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobining oltinchi nashrini tayyorlash ishlari olib borilmoqda. Olimlar va tegishli idoralar mutaxassislari Qizil kitobga kiritilishi yoki undan chiqarilishi lozim bo‘lgan turlar ro‘yxatini shakllantirish maqsadida ilmiy tadqiqotlar va ekspeditsiyalar o‘tkazmoqda.
Amalga oshirilayotgan ishlar biologik xilma-xillikni muhofaza qilishda yanada kompleks va ilmiy asoslangan, uzoq muddatli natijalarga yo‘naltirilgan modelga o‘tilayotganidan dalolat beradi. "O‘zbekiston–2030" strategiyasi doirasida ushbu chora-tadbirlarning amalga oshirilishi mamlakatning noyob tabiiy merosini saqlash va kelajak avlodlar uchun ekologik muvozanatni ta’minlashga mustahkam zamin yaratadi.
